Markaziy Osiyodan navbatdagi transfer: «Bashakshehir» yana bir futbolchiga qiziqmoqda

19-iyul 2026 14:12 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Foto: Istanbul Bashakshehir

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi Qozog‘istonning «Ordabasi» jamoasi hujumchisi Jasulan Amirni sotib olish bo‘yicha rasmiy taklif bilan chiqqan. Biroq «Ordabasi» hozircha 19 yoshli futbolchini sotishdan bosh tortdi.

«Ordabasi» taklifni qabul qilmadi

Qozog‘iston futboli manbalariga ko‘ra, «Bashakshehir» Jasulan Amir transferi bo‘yicha aniq taklif yuborgan. «Ordabasi» prezidenti Darxan Qizaybayev futbolchi bo‘yicha takliflar ko‘p ekanini, biroq klub va o‘yinchini qoniqtiradigan variant bo‘lsagina transfer ko‘rib chiqilishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amir bo‘yicha Rossiyaning «Baltika» va Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klublari aniq taklif bilan chiqqan.

Klub futbolchini mavsum oxirigacha saqlab qolmoqchi

«Ordabasi» rahbariyati Jasulan Amir jamoaga chempionlik uchun kurashda yordam berishini istamoqda.

Hozirda «Ordabasi» Qozog‘iston Premer-ligasida 17-turdan keyin 40 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Klub chempion bo‘lsa, kelasi mavsum UEFA Chempionlar ligasida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Jasulan Amir mavsumni kuchli o‘tkazmoqda

19 yoshli hujumchi joriy mavsumda Qozog‘iston Premer-ligasida 17 ta o‘yinda maydonga tushdi. U shu uchrashuvlarda 7 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Jasulan Amir iyun oyida Qozog‘iston milliy terma jamoasida ham debyut qildi. U Armaniston va Vengriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan.

«Bashakshehir»da o‘zbekistonlik futbolchilar ham bor

«Istanbul Bashakshehir» safida ayni paytda Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov ham to‘p suradi.

Shu sababli Jasulan Amir transferi amalga oshsa, Turkiya klubida yana bir Markaziy Osiyo vakili paydo bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abbosbek Fayzullayev mundialda qaysi jamoaga muxlislik qilayotgani haqida xabar berilgandi. Futbolchi Instagram’dagi sahifasida Argentina va Angliya bahsidan hikoya joyladi. Messi tasvirlangan rasmda futbolchi toj imojisini qo‘ygan.

Shuningdek