Ortda qolayotgan haftada nimalar yuz berdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Kursiv Uzbekistan dayjesti
Foto: depositphotos.com

Kursiv Uzbekistan 13 – 19-iyul kunlari O‘zbekiston va xorij olamida sodir bo‘lgan yangiliklarni hafta yakunida jamladi.

O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqaruvchi majmua ishga tushirildi

O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqariladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqarish quvvatiga ega O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasi ishga tushirildi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Yangi quvvat ishga tushirilishi natijasida yiliga 1 mln tonna yoki 8 trln so‘mlik issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Bu Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi. Loyiha doirasida 1,2 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Abbosbek Fayzullayev nikoh to‘yidan keyin ko‘rinish berdi

Abbosbek Fayzullayev nikoh to‘yidan keyin ko‘rinish berdi
Foto: Instagram/ Fayzullayev

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev nikoh to‘yidan keyin mashg‘ulotlar zalida ko‘rinishi berdi. Sportchi videoni Instagramda joylagan.

Videoda ko‘rish mumkinki, Fayzullayev faol sport bilan shug‘ullanmoqda. Uning nikoh to‘yiga atigi 2 kun bo‘ldi.

Faqat 2-3 foizi to‘lagan: pulli avtoturargoh haqini to‘lamaganlar jarimaga tortiladi

Noto‘g‘ri «parkovka» uchun jarima belgilanishi mumkin
Foto: Getty Images

Toshkent shahar hokimligi tomonidan pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohidan foydalanganlik uchun haq to‘lamagan haydovchilarga alohida jarima belgilanishi taklif qilindi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, kodeks «Yo‘l bo‘yidagi pulli to‘xtab turish joyidan foydalanganlik uchun haq to‘lamaslik» haqidagi yangi 128-11-modda bilan to‘ldiriladi. Belgilangan muddatda parking haqini to‘lamaslik yoki to‘lovdan bo‘yin tovlash ikki bazaviy hisoblash miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.

Banklar mikroqarz sug‘urtasi bo‘yicha mijozlarga ochiq ma’lumot berishi shart — MB

Banklar mikroqarz sug‘urtasi bo‘yicha mijozlarga ochiq ma’lumot berishi shart
Foto: 62.ua

Ijtimoiy tarmoqlarda onlayn mikroqarzlar ajratish jarayonida sug‘urta mukofoti mijoz hisobidan yoki kredit mablag‘i hisobidan ushlab qolinishi, biroq kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun sug‘urta mukofotining tegishli qismi qaytarilmasligi yoki uni qaytarish tartibi yetarlicha sodda va tushunarli emasligi haqida xabarlar tarqaldi.

Shu munosabat bilan onlayn mikroqarzlar va boshqa chakana kredit mahsulotlari bilan birga sug‘urta mahsulotlarini taklif qilayotgan tijorat banklariga mazkur masala bo‘yicha o‘z pozitsiyasini rasmiy kommunikatsiya kanallarida e’lon qilish tavsiya etildi. Banklar rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa axborot kanallari orqali iste’molchilarga aniq va tushunarli ma’lumot taqdim etishi lozim.

Jaziramada ish vaqti kimlar uchun cheklanadi — eslatma

Jaziramada ish vaqti cheklanishi kerakmi — eslatma
Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan olindi

O‘zbekistonda keskin issiq va jazirama kuchayishi kutilayotgani sababli ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning ish vaqti cheklanishi mumkin. Bu haqda Mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.

Eslatmada quyosh urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfining oshishi qayd etilgan. Shu sababli ish beruvchilarga xodimlarning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mehnat rejimini ob-havo sharoitiga moslashtirish majburiyati yuklatiladi.

Javohir Sindorov va Bibisora Assaubayeva bir-biriga atalgan futbolka kiydi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov va qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisora Assaubayeva ijtimoiy tarmoqlarda e’tiborli suratlari bilan muxlislar diqqatini tortdi. Qozog‘istonlik shaxmatchi Instagram sahifasida hikoya ulashdi.

Bibisora Assaubayeva Instagram sahifasida Javohir Sindorov bilan tushgan qo‘shma suratlarni e’lon qildi. Unda Asaubayeva Sindorovning surati tushirilgan va «Mening sevimli grossmeysterim» degan yozuv bitilgan futbolkani kiygan. Javohir Sindorov esa Bibisoraning surati tushirilgan futbolkada suratga tushgan. Futbolkaga «Yana bir «malika»ni qo‘lga kiritdim» degan yozuv joylashtirilgan.

Rossiyaga ishlashga borgan migrantlar telefon xarid qilishi shart bo‘ladi

Rossiyada migrantlar uchun yangi tartib: maxsus telefon va geolokatsiya nazorati joriy etiladi
Foto: TASS

Rossiyaga ishlash yoki uzoq muddat yashash uchun kelayotgan xorijliklar ro‘yxatdan o‘tishda maxsus mobil telefon sotib olishi shart bo‘ladi. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’limga qabul parametrlari tasdiqlandi — jadval

Texnikum bitiruvchilarini OTMning 2-bosqichiga suhbat asosida qabul qilish boshlandi
Foto: Talimxabarlari.uz

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat va magistratura bosqichlariga qabul parametrlari ta’lim shakllari hamda o‘qitish tillari kesimida tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Rustam Jo‘rayev Prezident Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbar bo‘ldi

Rustam Jo‘rayev Prezident Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbar bo‘ldi
Foto: IIV

Rustam Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi. Prezidentning tegishli farmoni bilan unga general-leytenant maxsus unvoni ham berilgan.

Jo‘rayev yangi lavozimga tayinlangunga qadar ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. U ushbu lavozimni 2026-yil yanvarida egallagan va shu munosabat bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni vazifasidan ozod etilgandi.

Donald Tramp Kanadadagi tutun uchun bojlarni oshirmoqchi

Donald Tramp Kanadadagi tutun uchun bojlarni oshirmoqchi
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni Amerika hududiga tarqalgani sabab ushbu mamlakat tovarlariga qo‘llanayotgan bojlarni oshirish bilan tahdid qildi. Bu haqda Axios xabar berdi.

Tramp 17-iyul kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kanada yong‘inlari oqibatida yuzaga kelayotgan ifloslanish xarajatlari mamlakat to‘layotgan tariflarga qo‘shilishi kerakligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kanada rasmiylari o‘rmonlar va ulardagi quruq o‘simliklarni yetarlicha nazorat qilmagani sabab AQShga «iflos va sog‘liq uchun xavfli havo» kirib kelmoqda.

Uzilishlar kuzatilmoqda: O‘zbekistonda elektr iste’moli yana rekord darajaga chiqdi

Uzilishlar kuzatilmoqda: O‘zbekistonda elektr iste’moli yana rekord darajaga chiqdi
Foto: depositphotos

O‘zbekiston yagona energetika tizimida 17-iyul kuni yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 293,4 mln kVt/soatga yetdi. Bu o‘tgan yil yozida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 20,8 mln kVt/soat yoki 7,6% ko‘p.

Energetika vazirligiga ko‘ra, 17-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 296,1 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu 16-iyuldagi avvalgi rekorddan 0,7 mln kVt/soat yoki 0,24% ko‘p.

Markaziy Osiyodan navbatdagi transfer: «Bashakshehir» yana bir futbolchiga qiziqmoqda

Foto: Istanbul Bashakshehir

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi Qozog‘istonning «Ordabasi» jamoasi hujumchisi Jasulan Amirni sotib olish bo‘yicha rasmiy taklif bilan chiqqan. Biroq «Ordabasi» hozircha 19 yoshli futbolchini sotishdan bosh tortdi.

Qozog‘iston futboli manbalariga ko‘ra, «Bashakshehir» Jasulan Amir transferi bo‘yicha aniq taklif yuborgan. «Ordabasi» prezidenti Darxan Qizaybayev futbolchi bo‘yicha takliflar ko‘p ekanini, biroq klub va o‘yinchini qoniqtiradigan variant bo‘lsagina transfer ko‘rib chiqilishini aytdi.

Shuningdek