Uzilishlar kuzatilmoqda: O‘zbekistonda elektr iste’moli yana rekord darajaga chiqdi

O‘zbekiston yagona energetika tizimida 17-iyul kuni yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 293,4 mln kVt/soatga yetdi. Bu o‘tgan yil yozida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 20,8 mln kVt/soat yoki 7,6% ko‘p.
Elektr ishlab chiqarish ham oshdi
Energetika vazirligiga ko‘ra, 17-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 296,1 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu 16-iyuldagi avvalgi rekorddan 0,7 mln kVt/soat yoki 0,24% ko‘p.

Kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari bilan qo‘shib hisoblaganda esa shu kuni jami 305 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan kungi ishlab chiqarishdan 9,6 mln kVt/soatga ko‘p.
Tarmoqlarda yuklama nazorat qilinmoqda
Energetika tizimi dispetcherlik xizmatlari elektr tarmoqlari, transformatorlar va yuklamani real vaqt rejimida kuzatib bormoqda.
Zarurat tug‘ilganda uskunalar qizib ketmasligi va ortiqcha yuklanmasligi uchun yuklama qayta taqsimlanadi hamda tezkor choralar ko‘riladi.
Toshkent shahri va viloyatida uzilishlar kuzatildi
17-iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida elektr tarmoqlaridagi nosozliklar sabab vaqtinchalik uzilishlar bo‘ldi.
Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Shayxontohur, Yashnobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Chilonzor, Sergeli va Mirobod tumanlari, shuningdek, Zangiota va Toshkent tumanlarida ayrim iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan.
Nosozliklarning aksariyati bir necha soatda bartaraf etildi
Energetiklarning tezkor choralari natijasida nosozliklarning aksariyati bir necha soat ichida bartaraf etildi va elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklandi.
Jumladan, Toshkent tumanida 17-iyul soat 22:21 da yuzaga kelgan nosozlik 18-iyul soat 06:35 da bartaraf etilgan. Yunusobod tumanidagi A. Zakirov, Shahriston va Amir Temur ko‘chalarida kuzatilgan uzilish esa soat 06:51 da tiklangan.
Aholidan elektrni tejash so‘raldi
Energetika korxonalarining avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
Mas’ullar iste’molchilardan elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishni, zarurat bo‘lmasa, elektr jihozlarini ortiqcha ishlatmaslikni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni hal etishni topshirgandi. Qayd etilishicha, 2026-yilning birinchi yarmida mazkur sohaga oid 39 ming 220 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 ming 820 taga yoki 26,1 foizga kam. Murojaatlarning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz, 38,3 foizi esa elektr ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan.