Brent neftining narxi 90 dollardan oshdi

Yaqin Sharqda harbiy harakatlarning kuchayishi fonida brent neftining narxi 90 dollardan oshdi. Bu haqda Axios nashri xabar bermoqda.
19-iyul kuni Brent neftining narxi bir barrel uchun $90,88 gacha ko‘tarildi. Savdolar davomida kotirovkalar $90,96 darajasiga ham yetgan. Taqqoslash uchun, 19-iyunda Brent narxi $77,90 bo‘lgan, 6-iyulga kelib esa $71,59 gacha pasaygandi. Shundan so‘ng neft qariyb uch hafta ichida 27 foizga qimmatlashdi.
Narxlarning keskin oshishi AQShning uch nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lishi, AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv hamda o‘t ochishni to‘xtatish rejimining izdan chiqishi bilan bog‘lanmoqda. Mintaqada zarbalar qayta boshlanganidan keyin Hormuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakati ham kamaygan.
Dam olish kunlari mojaro kengayib borayotganini ko‘rsatuvchi yangi xabarlar tarqaldi. Jumladan, Eron Kuvaytdagi neft va elektr energetikasi infratuzilmasiga hujum qilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Eron oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy AQSh prezidenti Donald Trampni ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvni buzganlikda aybladi. U harbiy harakatlar kuchayishda davom etsa, Eron va uning ittifoqchi kuchlari keskin javob qaytarishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qirg‘iziston benzin va dizel eksportini muddatsiz taqiqlagani haqida yozgan edi.