Chevrolet yana bir avtomobili uchun chegirmalar e’lon qildi

20-iyul 2026 08:01 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet yana bir avtomobili uchun chegirmalar e’lon qildi
Foto: Chevrolet

Chevrolet AQSh bozorida 2026-yilgi Traverse krossoveri uchun iyul oyiga mo‘ljallangan maxsus kredit va ijara takliflarini e’lon qildi. Aksiya shartlari 2026-yil 3-avgustgacha amal qiladi.

Taklif doirasida xaridorlar 2026-yilgi Chevrolet Traverse’ni GM Financial orqali 48 oygacha yillik 2,9 foiz yoki 60 oyga 3,9 foizli stavka bilan kreditga olishi mumkin. Imtiyozdan foydalanish uchun avtomobil belgilangan muddat tugashidan oldin xaridorga topshirilishi kerak.

Chevrolet Traverse LT’ning old uzatmali versiyasi uchun umummilliy lizing dasturi ham joriy etilgan. Avtomobil 24 oy davomida oyiga $489 evaziga taklif qilinmoqda. Shartnoma yiliga 10 ming mil, ya’ni qariyb 16 ming kilometr yurish chegarasini nazarda tutadi.

Foto: Chevrolet

2021-yilda yoki undan keyin ishlab chiqarilgan avtomobilni hozirda ijaraga olib yurgan mijozlar uchun shartnoma imzolash vaqtida $4 ming miqdorida boshlang‘ich to‘lov talab qilinadi. Kafolat depoziti esa undirilmaydi. Ayrim mijozlar aksiya shartlariga mos kelmasligi, hududlarda qo‘shimcha chegirmalar amal qilishi mumkin.

2026-yilgi Chevrolet Traverse’ning AQSHdagi boshlang‘ich narxi komplektatsiyaga qarab $42,7 mingdan $57,3 minggacha. Narxlarga $1 995 miqdoridagi yetkazib berish to‘lovi kiritilgan. LT versiyasi $42,7 ming, Z71 $50 ming, High Country $57 ming, RS esa $57,3 mingdan boshlanadi. Qo‘shimcha opsiyalar bilan eng qimmat Traverse narxi $71 mingdan oshishi mumkin.

Manba: GMAutority

Texnik imkoniyatlar

Yangilangan Traverse 2,5 litrli to‘rt silindrli turbomotor bilan jihozlangan. Dvigatel 328 ot kuchi va 442 Nyuton-metrga yaqin aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. U sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi.

Old uzatma standart tarzda taklif qilinadi, barcha komplektatsiyalar uchun to‘liq uzatmali tizim ham mavjud. Yo‘lsizlikka moslashtirilgan Z71 versiyasi esa ikki muftali maxsus to‘liq uzatma tizimiga ega. Krossover 2,27 tonnagacha bo‘lgan tirkamani torta oladi.

Foto: Chevrolet

2026-yilgi modelda an’anaviy kalitsiz avtomobil eshiklarini ochish, yopish va dvigatelni ishga tushirish imkonini beruvchi Key Card funksiyasi paydo bo‘ldi. Shuningdek, ikkita yangi kuzov rangi qo‘shildi va orqa ko‘rinish kamerasi asosida ishlaydigan raqamli ko‘zguning mavjudligi kengaytirildi.

Chevrolet Traverse uch qatorli yirik oilaviy krossover hisoblanadi. 2027-yilgi modelni ishlab chiqarish AQSHning Michigan shtatidagi Lansing Delta Township zavodida 20-iyuldan boshlanishi rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana ikkita modeli uchun buyurtma tartibiga o‘zgarishlar kiritgani haqida yozgan edi.

Shuningdek