
Chevrolet yaqin besh yil ichida ichki yonuv dvigateliga ega yangi sport sedanini bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Avtomobil orqa uzatmali platformada qurilishi va 2028-yilda sotuvga chiqishi mumkin.
Automotive News manbalariga ko‘ra, yangi sedan Chevrolet’ning yengil avtomobillar segmentiga qaytishini anglatadi. Kompaniyaning AQSHdagi hozirgi model qatori, asosan, krossoverlar, yo‘ltanlamaslar va pikaplardan iborat. Yangi to‘rt eshikli avtomobil esa haydovchanlik xususiyatlariga urg‘u berilgan model sifatida joylashtirilishi kutilmoqda.
Kelajakdagi Chevrolet sedani orqa uzatmali arxitekturadan foydalanadi. Xuddi shu platformada Buick’ning yangi sedani va keyingi avlod Cadillac CT5 modeli ham ishlab chiqarilishi mumkin. Ayrim avtomobil nashrlari gap dvigateli old qismda uzunasiga joylashtiriladigan yangilangan Alpha 2 platformasi haqida ketayotganini yozmoqda.
Avtomobilni AQSHning Michigan shtatidagi Lansing Grand River Assembly zavodida ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu korxonada yangi Cadillac CT5 va Buick sedani ham konveyerga qo‘yilishi kutilmoqda. Chevrolet modelini ishlab chiqarish 2027-yilda boshlanib, u 2028-yilgi model sifatida bozorga chiqarilishi mumkin.

Yangi avtomobilning nomi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Manbalarga ko‘ra, Chevrolet mashhur Camaro nomini qayta tiklashi mumkin. Biroq model avvalgi Camaro singari ikki eshikli kupe emas, balki to‘rt eshikli sport sedaniga aylanishi ehtimoli bor. Shu sababli yangilik Camaro va 2024-yilda ishlab chiqarilishi yakunlangan Malibu’ning o‘ziga xos davomchisi sifatida qaralmoqda.
Nimalar ma’lum
Sedanning dvigatellari, quvvati, uzatmalar qutisi, tashqi ko‘rinishi va elektron jihozlari haqida tasdiqlangan ma’lumotlar hozircha yo‘q. Ayrim nashrlarda atmosferali va turbomotorlar, raqamli asboblar paneli hamda zamonaviy haydovchi yordamchilari haqida yozilgan bo‘lsa-da, Chevrolet bu tafsilotlarni rasman e’lon qilmagan.
Yangi sedan Chevrolet strategiyasidagi yo‘nalish o‘zgarishining bir qismi bo‘lishi mumkin. Elektromobillarga talab kutilganidan sekinroq o‘sayotgani sabab kompaniya 2030-yilgacha yangi elektr modellarini chiqarish rejalarining bir qismini qayta ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, mavjud Blazer EV va Equinox EV modellari yangilanadi, Silverado EV ishlab chiqarilishi esa davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet yana bir avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilgani haqida yozgan edi.