Chexiyada pasporti o‘g‘irlangan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Elchixona diplomatlari Chexiyada pasportini o‘g‘irlatib qo‘ygan O‘zbekiston fuqarosining vatanga qaytishiga ko‘maklashdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro 2025-yilda Chexiyaga borgan, keyinchalik mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda Polshaning Vroslav shahrida vaqtincha istiqomat qilgan. 2026-yil fevral oyida Praga shahrida bo‘lib turganida uning xorijga chiqish pasporti o‘g‘irlangan. Natijada u shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz qolib, huquqiy maqomini tiklash va O‘zbekistonga qaytishda qiyinchiliklarga duch kelgan.
Fuqaroning murojaatidan so‘ng O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi tomonidan zudlik bilan konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi. Ko‘rilgan choralar natijasida uning deportatsiya qilinishi xavfining oldi olinib, O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berildi.
Shuningdek, Chexiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda fuqaroning vatanga qaytishi uchun aviachipta xarajatlarining bir qismi Chexiya tomonidan qoplandi. Shundan so‘ng hamyurtimiz sog‘-salomat O‘zbekistonga qaytib keldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada og‘ir ahvolga tushgan o‘zbekistonlik ayol va uch farzandi vatanga qaytarilgan edi.