Hokimiyat almashinuvi: Endi Bernhem Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri bo‘ldi

Buyuk Britaniyada hokimiyat almashinuvi yakunlandi. Endi Bernhem mamlakatning yangi bosh vaziri sifatida rasman ish boshladi, deya xabar qilmoqda Reuters agentligi.
Yangi bosh vazir iqtisodiy islohotlarni va’da qildi
Endi Bernhem 20-iyul kuni Dauning-stritdagi 10-uy qarorgohi oldida ilk murojaatini yo‘llab, mamlakat siyosatini yangilash va iqtisodiy rivojlanishning yangi modelini shakllantirish niyatida ekanini ma’lum qildi. U siyosatchilar uzoq yillar davomida aholi turmush darajasini yaxshilash uchun zarur bo‘lgan barqarorlikni ta’minlay olmaganini ta’kidladi.
Bernhemning aytishicha, hukumat yaqin kunlarda aholining kundalik muammolarini yengillashtirishga qaratilgan dastlabki choralarni e’lon qiladi. Bundan tashqari, kelgusi o‘n yil uchun mo‘ljallangan uzoq muddatli rivojlanish rejasi ham yaqin oylar ichida taqdim etiladi.

Hukumat oldida qator dolzarb vazifalar turibdi
Yangi bosh vazir lavozimdagi ilk ustuvor vazifa sifatida ko‘chada tunab qolayotgan fuqarolar muammosini hal etishni belgiladi. Shundan so‘ng hukumat noqonuniy migratsiya, kommunal xizmatlar faoliyatini yaxshilash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanadi.
Bernhem davlat uy-joylari qurilishini kengaytirish, ijtimoiy nafaqa xarajatlarini qisqartirish hisobiga mudofaa sohasiga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish rejasini ham ma’lum qildi. Shu bilan birga, muxolifat vakillari bu tashabbuslarni amalga oshirish uchun u umumxalq saylovida mandat olishi zarurligini bildirdi.

Tashqi siyosatda hamkorlik davom ettiriladi
Endi Bernhem lavozimga kirishganidan so‘ng xorijiy davlat rahbarlaridan tabriklar qabul qildi. Yevropa yetakchilari Buyuk Britaniya bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Bernhemning bosh vazir sifatidagi ilk telefon muloqoti AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘ldi. Shuningdek, u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham bog‘lanish niyatida ekanini bildirib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etishini ta’kidladi.

Hukumat tarkibi va iqtisodiy qarorlar
Leyboristlar partiyasi Bernhemni Reform UK partiyasi yetakchisi Nayjel Faraj boshchiligidagi populistik kuchlarning ta’siriga qarshi kurasha oladigan siyosatchi sifatida baholamoqda.
Yangi bosh vazirning eng muhim qarorlaridan biri moliya vazirini tayinlash bo‘ladi. Avvalgi bosh vazir Kir Starmerning yaqin hamkorlaridan biri Reychel Rivz hukumatni tark etishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Bernhem noqonuniy migratsiyaga qarshi joriy etilishi rejalashtirilgan majburiy raqamli shaxsni tasdiqlovchi hujjat tizimini bekor qildi. Endilikda hukumat soliq va budjet siyosati, neft-gaz sohasi hamda kommunal xizmatlar ustidan davlat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha yangi qarorlarni ishlab chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya bosh vaziri grossmeysterni prezidentlikka taklif qilgani haqida yozgan edik.