
Honor kompaniyasi yangi Honor X7e Plus 5G smartfonini taqdim etdi. Qurilma 8100 mA/soat sig‘imli akkumulyator, 120 gertsli ekran, 50 megapikselli kamera va IP69K darajasidagi himoya bilan jihozlangan. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Batareyasi 8100 mA/soat
Honor X7e Plus 5G 45 vattli SuperCharge tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, smartfon batareyasi bir necha yil foydalanilgandan keyin ham dastlabki sig‘imining 80 foizdan ortig‘ini saqlab qoladi.
Ekran 120 gertsli
Smartfon 6,87 dyuymli TFT LCD displeyga ega. Ekran HD+ formatda bo‘lib, 120 gerts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Displeyning maksimal yorqinligi 1020 nitgacha yetadi. Unda ko‘zlarni himoya qilish rejimlari ham mavjud.
Sun’iy intellekt uchun alohida tugma bor
Qurilmada AI funksiyalariga tezkor kirish uchun alohida tugma o‘rnatilgan.
U orqali belgilangan obyekt bo‘yicha qidiruv qilish, suratdagi keraksiz obyektlarni olib tashlash, qisqa matn xulosalari yaratish va aqlli tavsiyalardan foydalanish mumkin.
Snapdragon 4 Gen 4 protsessorida ishlaydi
Honor X7e Plus 5G Snapdragon 4 Gen 4 chipi bilan jihozlangan.
Smartfon Android 16 va MagicOS 10 interfeysida ishlaydi. U 8 GB gacha tezkor xotira va 256 GB gacha ichki xotira bilan taklif qilinadi.
Korpus zarba va suvdan himoyalangan
Smartfon IP68, IP69 va IP69K himoya darajalariga ega.
Shuningdek, qurilma SGS sertifikatidan o‘tgan bo‘lib, yiqilish va bosimga chidamliligi qayd etilgan.
Narxi $275 dan boshlanadi
Honor X7e Plus 5G 50 megapikselli asosiy kamera, 5 megapikselli old kamera, stereo karnaylar, NFC, yon tomondagi barmoq izi skaneri, USB-C porti va ikki SIM-karta qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega.
Smartfon narxi $275 dan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Honor Robot Phone smartfoni qachon sotuvga chiqishi haqida xabar berilgandi. Robotlashtirilgan kameraga ega noodatiy qurilmaning savdosi 2026-yil avgust oyida boshlanishi rejalashtirilgan.