
AQShning Nyu-York shahrida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘zaro kuch sinashib, yakunda ispanlar amaldagi chempionlarini mag‘lubiyatga uchratdi.

Uchrashuvni har ikki jamoaning asosiy yulduzlari Lamin Yamal va Lionel Messi boshlang‘ich tarkibda boshladi. Birinchi bo‘limda ispaniyaliklar faol harakat qilib, to‘p nazoratini o‘z qo‘llariga olishdi. Janubiy Amerika vakillari esa asosan qisqa va tezkor qarshi hujumlar tashkil etish bilan cheklanishdi.

Birinchi taymdan keyingi tanaffus vaqtida muxlislar uchun maxsus shou dasturi tashkil etildi. Unda jahon estradasi yulduzlari Jastin Biber, Madonna, Shakira hamda Janubiy Koreyaning mashhur BTS guruhi o‘z chiqishlari bilan stadionga yig‘ilganlarni xushnud qildi.

Ikkinchi taymda Lionel Messi boshchiligidagi Argentina terma jamoasi a’zolari ancha asabiy va qo‘pol o‘yin namoyish etishdi. Xususan, Leandro Paredes, Lisandro Martinez va Kristian Romero sariq kartochka olgan bo‘lsa, Enso Fernandes qo‘pol harakatlari uchun uchrashuv hakami tomonidan maydondan chetlatildi.

Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmagach futbolchilar ekstra taymlarga murojaat qildi. 95-daqiqada Ispaniyaning hujumini zaxiradan maydonga qo‘shilgan Niko Uiliyams gol bilan yakunladi. Biroq bosh hakam qo‘pollik tufayli golni bekor qildi.

106-daqiqada Ispaniyaning to‘xtovsiz hujumlari o‘z samarasini berdi. Jarima maydoniga uzatilgan to‘pni Niko Uiliyams boshi bilan Ferran Torresga uzatib berdi. «Barselona» hujumchisi esa kuchli zarba bilan Emiliano Martinez qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi.
Avvalroq Kursiv nashri Angliya Fransiyani taslim etib, bronza medallarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.