Jazirama insonlarning 56 soatlik uyqusini «o‘g‘irlamoqda» — tadqiqot

eʼlon qilindi
2020 – 2025-yillarda
Jazirama insonlarnining 56 soatlik uyqusini «o‘g‘irlamoqda» — tadqiqot
Foto: Getty Images

Iqlim o‘zgarishi tufayli kechasi havo haroratining oshib borishi dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Climate Central tadqiqotiga ko‘ra, 2020 – 2025-yillarda sayyora aholisi issiq tunlar sabab yiliga o‘rtacha 56 soat uyqudan ayrilgan, deya xabar berdi Euronews nashri.

Issiq tunlar tobora ko‘paymoqda

Tahlillarga ko‘ra, o‘rganilgan 1,3 mingdan ortiq shaharlarning deyarli barchasida tungi issiqlik tufayli yo‘qotilgan uyqu miqdori 1970-yillar boshiga nisbatan kamida ikki baravar oshgan. Eng katta yo‘qotishlar Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda aholi yiliga 55 – 91 soatgacha kamroq uxlagan.

Yevropaning janubida vaziyat og‘irroq

Yevropada eng ko‘p uyqu yo‘qotilishi Italiyaning Neapol shahrida kuzatilgan – so‘nggi besh yil davomida aholi yiliga o‘rtacha 51 soat uyqudan ayrilgan. Afina, Valensiya, Lissabon va Marsel ham issiq tunlar eng kuchli ta’sir qilayotgan shaharlar qatoriga kirgan. Shimoliy Yevropada bu ko‘rsatkich nisbatan past bo‘lsa-da, Edinburg, Stokgolm va Helsinkida ham issiq tunlar uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uyqusizlik sog‘liq uchun xavf tug‘diradi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tun davomida harorat pasaymasa, organizm to‘liq tiklana olmaydi. Bu esa kayfiyatning yomonlashishi, diqqat va xotiraning susayishi, ish unumdorligining pasayishi, shuningdek, yurak-qon tomir hamda immun tizimi bilan bog‘liq kasalliklar xavfini oshiradi.

Kimlar ko‘proq xavf ostida

Olimlar issiq tunlarning salbiy ta’siri, ayniqsa, 65 yoshdan oshganlar, ayollar va iqlimi allaqachon issiq bo‘lgan hududlarda yashovchi aholi orasida kuchliroq ekanini qayd etmoqda. Tadqiqotchilar iqlim o‘zgarishi davom etishi bilan issiq tunlar soni ortib, uyqusizlik muammosi yanada jiddiylashishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan anomal issiqda elektr iste’moli keskin oshgani sabab qisqa muddatli cheklovlar joriy etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek