
Ispaniya terma jamoasi sardori va «Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodri 2026-yilgi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. 30 yoshli futbolchiga «Oltin to‘p» sovrini Argentina ustidan qozonilgan final g‘alabasidan so‘ng topshirildi.
Taqdirlash marosimi Nyu-Jersi shtatining Ist-Raterford shahridagi «MetLayf» stadionida bo‘lib o‘tdi. Sovrinni Rodriga FIFA prezidenti Janni Infantino topshirdi. Ispaniya finalda Argentinani qo‘shimcha bo‘limda Ferran Torres kiritgan gol evaziga 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ikkinchi marta jahon chempioni bo‘ldi.
Rodri butun turnir davomida Ispaniya yarim himoyasining asosiy futbolchisi bo‘ldi. U jamoaning o‘yin sur’atini boshqardi, himoya va hujum o‘rtasidagi muvozanatni saqladi hamda to‘p nazoratiga asoslangan uslubning markaziy figurasi vazifasini bajardi. Uning yetakchiligi, taktik intizomi va bosim ostida xotirjam o‘ynashi Ispaniyaning chempionligida muhim rol o‘ynadi.
Eng yaxshi futbolchi uchun ovoz berishda Argentina sardori Lionel Messi ikkinchi o‘rinni egallab, «Kumush to‘p»ni oldi. Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe esa «Bronza to‘p» bilan taqdirlandi. Mbappe sakkiz uchrashuvda o‘nta gol urib, mundialning eng yaxshi to‘purari sifatida «Oltin butsa»ni ham qo‘lga kiritdi.
Yana qanday mukofotlar bor
Ispaniya terma jamoasi mundialning boshqa asosiy individual mukofotlarini ham qo‘lga kiritdi. Darvozabon Unay Simon turnirning eng yaxshi posboni sifatida «Oltin qo‘lqop» bilan taqdirlandi. U sakkizta uchrashuvning yettitasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab, butun musobaqa davomida faqat bir marta gol o‘tkazib yubordi. Bu jahon chempionatining bitta turnirida darvozabon qayd etgan eng yaxshi natija bo‘ldi.

«Atletik» darvozaboni Ispaniya bosh murabbiyi Luis de la Fuente tomonidan «Arsenal» posboni David Rayadan ustun qo‘yildi. Unay Simon murabbiyning ishonchini oqlab, hal qiluvchi uchrashuvlarda ishonchli harakat qildi va jamoaning mustahkam himoya tizimining muhim qismiga aylandi.

Turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi mukofoti esa «Barselona»ning 19 yoshli markaziy himoyachisi Pau Kubarsiga nasib etdi. U yosh bo‘lishiga qaramay, Ispaniya asosiy tarkibidan mustahkam joy oldi va jamoaning chempionlik yurishida muhim rol bajardi. Kubarsi to‘p bilan ishonchli harakat qilishi, yakkama-yakka kurashlardagi ustunligi va bosim ostida xato qilmasligi bilan ajralib turdi.
Ispaniya finalda to‘pga 65 foizdan ko‘proq egalik qildi, darvoza tomon 12 ta aniq zarba yo‘lladi va Argentinadan ikki baravardan ko‘proq aniq uzatma amalga oshirdi. Argentina esa uchrashuvdagi dastlabki zarbasini faqat qo‘shimcha bo‘lim oxirlariga yaqin berdi.
Avvalroq «Kursiv» Kilian Mbappe ikki bor «Oltin butsa» olgan ilk futbolchi bo‘lgani haqida yozgan edi.