Soxta Departament xodimi 2,5 ming dollar olgani aniqlandi

O‘zini Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimi deb tanishtirib, fuqarodan $2,5 ming olgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Departament ma’lum qildi.
Tergovga qadar tekshiruvda fuqaro boshqa fuqaroga o‘zini Departament xodimi sifatida tanishtirgani aniqlangan. U avvalgi tezkor tadbir davomida undan ashyoviy dalil sifatida olingan, umumiy qiymati 462,9 mln so‘mlik 292 dona zargarlik buyumini qaytarib berish hamda uni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga yordam berishni va’da qilgan.
U mazkur xizmatlar evaziga $2,5 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda gumon qilinmoqda.
Bundan tashqari, u Guliston shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida 337 ming so‘mlik hisobni to‘lamaslik maqsadida o‘zini Departamentning Guliston shahar bo‘limi boshlig‘i deb tanishtirgan. U muassasa faoliyatini tekshirtirish va uni yopib yuborish bilan tahdid qilgani ham qayd etilgan.
Tekshiruv davomida fuqaro tomonidan $2,5 ming va 1,2 mln so‘m mablag‘ning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 607 mln so‘mlik noqonuniy tamaki fosh etilgani haqida yozgan edi.