Venesueladagi zilzila qurbonlari 5 119 nafarga yetdi

eʼlon qilindi
Tabiiy ofat oqibatida jarohatlanganlar soni 16 740 nafarni tashkil etmoqda
Venesueladagi zilzila qurbonlari 5 119 nafarga yetdi
Foto: Shutterstock

Venesuelada iyun oyida yuz bergan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 119 nafarga yetdi. Bu avvalgi rasmiy ko‘rsatkichdan 50 kishiga ko‘p. Yangilangan ma’lumotlarni mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges e’lon qildi.

Tabiiy ofat oqibatida jarohatlanganlar soni 16 740 nafarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 5-iyuldan buyon o‘zgarmagan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan jami 6 462 kishini olib chiqqan. Hozirda asosiy ishlar vayronalarni tozalash, bedarak yo‘qolganlarni qidirish va uy-joysiz qolgan aholini vaqtinchalik boshpanalar bilan ta’minlashga qaratilgan.

24-iyun kuni Venesuelaning shimoliy qismida 39 soniya farq bilan ikkita kuchli yer silkinishi qayd etilgan. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, dastlab 7,2 magnitudali zilzila, undan keyin esa 7,5 magnitudali asosiy silkinish sodir bo‘lgan. Zilzila o‘choqlari Karakasdan g‘arbda, Yarakuý shtati hududida joylashgan.

Eng katta talafot poytaxt Karakas yaqinidagi sohilbo‘yi La-Guayra shtatida kuzatilgan. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalash davomida yangi jasadlarni topayotgani sabab qurbonlar soni oshib bormoqda. Zilzilalardan keyin mamlakatda 1,3 mingdan ortiq takroriy yer silkinishi qayd etilgan.

Zarar ko‘lami qancha

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 856 ta bino jiddiy zarar ko‘rgan, shulardan 190 tasi butunlay qulagan yoki konstruktiv jihatdan yaroqsiz holga kelgan. Zilzila avtomobil yo‘llari, ko‘priklar, elektr ta’minoti va boshqa infratuzilma obyektlariga ham zarar yetkazgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 21 mingdan ortiq fuqaro 107 ta vaqtinchalik lagerga joylashtirilgan. Hukumat ularga oziq-ovqat, ichimlik suvi, tibbiy yordam va vaqtinchalik turarjoy yetkazib berilayotganini bildirdi. Shu bilan birga, lagerlarda sanitariya sharoitini yaxshilash, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish va doimiy tibbiy xizmatlarni tiklash zarurligi ta’kidlanmoqda.

Yevropa Ittifoqi Venesuelaga tibbiy jihozlar xarid qilish hamda qidiruv-qutqaruv ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 20 mln yevro gumanitar yordam ajratgan. Ushbu mablag‘ avval tasdiqlangan yordam paketlariga qo‘shimcha ravishda beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 3,4 ming nafarga yaqinlashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek