Yakshanba kuni elektr iste’moli yozgi rekordni yangiladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ayrim hududlarda uzilishlar kuzatildi
Anomal issiqda elektr iste’moli oshgani sabab qisqa muddatli cheklovlar joriy etildi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda anomal issiq sabab dam olish kuni ham elektr energiyasiga talab yuqori bo‘ldi. 19-iyul, yakshanba kuni yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki eng yuqori soatlarda 13,8 GVtga yetib, yangi rekord qayd etdi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 19-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291,8 mln kVt/soatni tashkil qildi.

Bu o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 19,2 mln kVt/soat yoki 7,04% ko‘p.

Ishlab chiqarish yuqori darajada saqlandi

Yakshanba kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 295,4 mln kVt/soatni tashkil etdi.

Vazirlikka ko‘ra, bu anomal issiq sharoitida, hatto dam olish kunlarida ham elektr energiyasiga talab yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

Ayrim hududlarda uzilishlar kuzatildi

Yuqori yuklama va tarmoqlardagi nosozliklar sabab Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona viloyatining ayrim hududlarida vaqtinchalik uzilishlar bo‘ldi.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanining Osiyo ko‘chasida 280 nafar, Hamid Olimjon ko‘chasida 350 nafar, Sergeli tumani Hilol ko‘chasida 330 nafar, Olmazor tumani Chuqursoy ko‘chasida 340 nafar iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan.

Farg‘onada 13 ming iste’molchi vaqtincha elektrsiz qoldi

19-iyul kuni soat 19:50 da Farg‘ona viloyatidagi elektr tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik sabab Qo‘qon shahri, Furqat, Dang‘ara, Uchko‘prik va O‘zbekiston tumanlaridagi 13 ming nafar iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan.

Nosozlik 20-iyul soat 00:26 da bartaraf etilib, elektr ta’minoti qayta tiklangan.

Toshkentda ham bir nechta tumanlarda nosozlik bo‘ldi

Toshkent shahridagi podstansiyada yuzaga kelgan nosozlik sabab Shayxontohur va Olmazor tumanlarida 7 ming nafar iste’molchi qisman elektr ta’minotidan uzilgan. Elektr ta’minoti 20-iyul soat 00:20 da tiklangan.

Shuningdek, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida 1 300 nafar iste’molchi vaqtincha elektrsiz qolgan. Elektr ta’minoti soat 07:10 dan boshlab bosqichma-bosqich tiklangan.

Brigadalar kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda

Energetika korxonalarining tezkor xizmatlari yuqori yuklama sharoitida kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Vazirlikka ko‘ra, nosozlik va avariyaviy holatlar imkon qadar tez bartaraf etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq issiqda xodimlarni himoya qilish uchun hokimliklarga ko‘rsatma yuborilgandi. Davlat mehnat inspeksiyasi soat 10:00 dan 17:00 gacha xavfli ishlarni vaqtincha to‘xtatish va moslashuvchan ish rejimini joriy etishni talab qildi.

Shuningdek