Boshqaning nomiga ajratilgan kreditni cho‘ntagiga «urgan» sobiq bank rahbari ushlandi

Buxoro viloyatida bank xodimlari va sobiq mansabdor ishtirokidagi kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, tijorat banklaridan birining Romitan filiali sobiq rahbari, bank menejeri hamda tumandagi mahallalardan birida sobiq hokim yordamchisi vazifasini vaqtincha bajargan shaxs o‘zaro til biriktirib, fuqaroning xabarisiz uning nomiga 32,9 mln so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirgan.
Mazkur mablag‘ go‘yoki uch g‘ildirakli mototsikl xaridi uchun YTTning hisob raqamiga o‘tkazilgan va keyinchalik naqdlashtirib olingan.
Shuningdek, fuqarodan 35,9 mln so‘mlik kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha sud buyrug‘i asosida Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limida ijro ishi qo‘zg‘atilganini bilgan bank sobiq rahbari ushbu holatni yashirishga uringan. U qarzdorlik go‘yoki to‘liq undirilgani haqida soxta xat tayyorlab, MIB tuman bo‘limiga taqdim etgan va ijro ishining yakunlanishiga erishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 8 ming dollar evaziga Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlangan edi.