Dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga pul olgan elektromontyor ushlandi

Qashqadaryo viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatini yashirish evaziga pul talab etgan elektromontyor qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Nishon tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nishon tumani ETK elektromontyorining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, u xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaroning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslikni va’da qilgan. Buning evaziga 4 mln so‘m talab qilgan elektromontyor avval 1,5 mln so‘mni olgan.
Tezkor tadbir davomida u qolgan 2,5 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq boshqaning nomiga ajratilgan kreditni cho‘ntagiga «urgan» sobiq bank rahbari ushlangan edi.