Davlat aktivlarini xarid qilishda avans to‘lovi ikki baravar kamaytiriladi

Yangi xususiylashtirish dasturi doirasida davlat aktivlarini sotib oluvchi tadbirkorlar uchun avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yil boshidan 57 ta tarmoq va 76 ta hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi jami 11 trln so‘mga kamaygan. Shu munosabat bilan Bosh vazir o‘rinbosariga viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda har o‘n kunda korxonalar faoliyatini «korxonabay» tahlil qilish topshirildi. Har bir korxonadagi muammolar joyida hal etilishi belgilandi.
Shuningdek, Sanoat kengashiga ishlab chiqarish hajmi kamaygan 133 ta korxonada yo‘qotilgan 11 trln so‘mlik ishlab chiqarishni qoplash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda davlat mulklarini xususiylashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Hozirda qiymati 22 trln so‘mlik 3 mingta davlat obyekti auksionga qo‘yilgani, biroq hokimlarda davlat mulklarini sotish bo‘yicha tizim yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.
Ma’lum qilinishicha, yaqin kunlarda yangi xususiylashtirish dasturi boshlanadi. Dastur doirasida qiymati 100 trln so‘mlik 1,3 mingta ko‘chmas mulk, 8 ming gektar yer maydoni hamda 66 ta korxonadagi davlat ulushlari savdoga chiqariladi.
Bundan tashqari, davlat aktivlarini xarid qiluvchi tadbirkorlar uchun avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga kamaytiriladi, qolgan mablag‘ni esa foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident jarima va yig‘imlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.