Netanyahu AQShga tashrif buyursa, hibsga olinmaydi — Donald Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning AQShga tashrifi davomida hibsga olinmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Tramp Netanyahuni himoya qildi
Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Binyamin Netanyahu AQSh hududida «hech qanday shaklda va hech qanday holatda» hibsga olinmasligini yozdi. U bu bayonotida Nyu-York meri Zohran Mamdanining avvalgi fikrlarini bevosita tilga olmadi.
Shuningdek, Tramp Isroilning Eronga qarshi urushdagi yordamini ham alohida e’tirof etdi.
Nyu-York meri Netanyaxuni hibsga oldirmoqchi
Nyu-York meri Zohran Mamdani avvalroq shahar yuridik departamenti Netanyahu shaharga tashrif buyurgan taqdirda amaldagi qonunchilik qanday choralar ko‘rishga imkon berishini o‘rganayotganini bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, Netanyahu Xalqaro jinoiy sud tomonidan ayblov e’lon qilingan shaxs bo‘lgani sababli Gaagadagi sud oldida javob berishi kerak.

Harbiy jinoyat va Isroilning pozitsiyasi
Xalqaro jinoiy sud 2024-yilda G‘azo urushi davomida sodir etilgan, deb hisoblangan harbiy jinoyatlar yuzasidan Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun order bergan. Isroil esa sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va harbiy jinoyatlar sodir etganini rad etadi.
Isroil tomoni Mamdanining bayonotiga javoban Xalqaro jinoiy sudni tanqid qilib, Netanyahuga nisbatan chiqarilgan orderni asossiz deb atadi.
Netanyaxu Nyu-Yorkka nega tashrif buyuradi
Binyamin Netanyahu har yili sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka tashrif buyuradi.
Ma’lumot uchun, Xalqaro jinoiy sud 2002-yilda genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar bo‘yicha xalqaro javobgarlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. AQSh va Isroil ushbu sud a’zolari hisoblanmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Kanadaning ayrim mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy etgani haqida xabar qilingan edi.