Onix, Tracker, Damas uchun to‘lov shartlari, Lamin Yamalning avtomobillar kolleksiyasi — 21-iyulda e’lon qilingan yangiliklar

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan dayjesti

Onix, Tracker, Damas uchun to‘lov shartlari, Lamin Yamalning avtomobillar kolleksiyasi — 21-iyulda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Islomiy bank qanday litsenziyalanadi: tartib belgilandi

bank
Foto: Wykop

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil qilish va litsenziyalash tartibi joriy etildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi. Markaziy bank boshqaruvining «Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun asosida qabul qilingan. Qaror bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil etish shartlari va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilandi.

UzAuto Motors Onix, Tracker va Damas uchun to‘lov shartlarini o‘zgartirdi

UzAuto Motors Onix, Tracker va Damas uchun to‘lov shartlarini o‘zgartirdi
Manba: Chevrolet

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Onix, Tracker va Damas avtomobillarini foizsiz bo‘lib to‘lash shartlarini yaxshiladi. Bu haqda Autostrada nashri xabar bermoqda.

Onix va Tracker xaridorlari avtomobil qiymatining 30 foizini to‘lab, qolgan summani 40 oyda, 40 foizini to‘lab 49 oyda yoki 50 foizini to‘lab 62 oyda to‘lashi mumkin. Damas uchun esa boshlang‘ich to‘lovning 25, 30, 40, 50 va 60 foizlik variantlari taklif etilgan. Eng uzoq – 34 oylik muddat avtomobil narxining 60 foizi oldindan to‘langanda taqdim etiladi.

Dollar hamon 12 ming so‘mdan past: 22-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

Dollar hamon 12 ming so‘mdan past: 22-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: Depositphotos

22-iyul uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 26,47 so‘mga oshib, 11 986,56 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. 

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 21,27 so‘mga oshib, 13 691,65 so‘mni, rubl esa 0,44 so‘mga tushib, 152,09 so‘mni tashkil etdi.

Lamin Yamalning avtomobillar kolleksiyasida qanday modellar bor

Lamin Yamalning avtomobillar kolleksiyasida nimalar bor
Foto: Syarah

Ispaniya terma jamoasi va «Barselona» futbolchisi Lamin Yamal nomi bir nechta avtomobil bilan bog‘lanmoqda. Syarah nashriga ko‘ra, ular orasida Audi RS7 Sportback, Range Rover va Cupra Formentor bor.

Yamal nomi eng ko‘p Audi RS7 Sportback bilan bog‘lanmoqda. Ayrim OAVda bu mashina futbolchiga tegishli bo‘lishi yoki uning shaxsiy aktivlari qatorida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi mumkinligi yozilgan.

«Moviy gumbaz» kafesidagi ruxsatsiz ta’mirlash ishlari to‘xtatildi

«Moviy gumbaz» kafesidagi ruxsatsiz ta’mirlash ishlari to‘xtatildi
Foto: Madaniy meros agentligi

Madaniy meros agentligi Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi «Moviy gumbaz» kafesida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. O‘rganish davomida obyekt tom qismida vakolatli organ bilan kelishilmagan holda ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani aniqlanib, ishlar zudlik bilan to‘xtatilgan.

Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Soliq tushumlari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi. Buxoro viloyatida ayrim korxonalar faoliyati va QQS to‘lovlari bo‘yicha kamchiliklar qayd etilgach, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Yil boshidan soliq tushumlari 27 foizga ko‘payib, 130 trln so‘mdan oshgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha tushum bo‘yicha yillik reja hozircha 40 foizga bajarilgani aytildi. Bu 12 trln so‘mni tashkil qiladi.

AQSh Green Card uchun 100 ming dollarlik kafolat puli joriy qilishi mumkin

AQSh Green Card uchun 100 ming dollarlik kafolat puli joriy qilishi mumkin
Foto: Getty Images

Tramp ma’muriyati AQShda doimiy yashash huquqi (Green Card)ni olishni istovchilar uchun $100 minglik kafolat puli (bond) joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Davlat departamenti vakili Tommi Pigottning aytishicha, yangi tartib ayrim vizaga da’vogarlarning davlat yordamiga muhtoj bo‘lmasligini va o‘zini mustaqil ta’minlay olishini isbotlashga qaratilgan. Tashabbus Ichki xavfsizlik departamenti bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.

Marvel yangi «Qasoskorlar» filmining ilk treylerini e’lon qildi

Marvel yangi «Qasoskorlar» filmining ilk treylerini e’lon qildi
Foto: youtube.com/@marvel

Marvel Entertainment «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» (Avengers: Doomsday) filmining ilk rasmiy treylerini taqdim etdi. Bu haqda Kommersant nashri xabar berdi.

Superqahramonlar haqidagi kartina 2026-yil 18-dekabr kuni kinoteatrlarda namoyish etiladi. Film Marvel kinematografik olamidagi 39-loyiha va oltinchi fazaning uchinchi kartinasi bo‘ladi. Uni avvalgi «Qasoskorlar» filmlarini suratga olgan aka-uka Entoni va Jo Russo rejissyorlik qilgan.

Yangi filmda «Qasoskorlar», «Fantastik to‘rtlik», «Momaqaldiroqlar» (Thunderbolts), «Yangi Qasoskorlar» va «X-Odamlar» ilk bor birgalikda Doktor Dumga qarshi kurash olib boradi.

Respublikadagi 17 nafar hokimning faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi

Respublikadagi 17 nafar hokimning faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda joriy yilning olti oylik sanoat va eksport ko‘rsatkichlari tanqidiy tahlil qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, birinchi chorak yakunida jazolangan ko‘plab hokimlar xulosa chiqarib, belgilangan prognozlarni bajargan. Biroq ayrim tuman va shaharlarda o‘sish sur’ati pasayib ketgani qayd etildi.

«Jaloliddin Manguberdi» elektropoyezdi endi ikki tarkibda harakatlanadi

Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ

Yo‘lovchilar talabini qondirish maqsadida Toshkent – Xiva yo‘nalishiga yana bir «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi elektropoyezdi qatnovga chiqariladi.

22-iyuldan boshlab «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi elektropoyezdining ikkinchi tarkibi Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovni amalga oshiradi. Poyezd Toshkentdan dushanba, chorshanba va juma kunlari, Xivadan esa seshanba, payshanba va shanba kunlari harakatlanadi.

Qariyb 1,5 ming nafar fuqaro o‘zining xabarisiz ishga joylashtirilgan

Sobiq davlat xizmatchilarini ishga olishda korrupsiyaga qarshi xulosa talab etiladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

2026-yilning birinchi yarmida fuqarolardan o‘zining xabarisiz ishga joylashtirilgani bo‘yicha 1 495 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur murojaatlar atroflicha o‘rganilgan. Natijada hozirda faoliyat yuritayotgan 143 ta korxona va tashkilot rahbarlariga nisbatan ma’muriy hamda jinoiy ta’sir choralari qo‘llanildi.

Shuningdek