Prezident jarima va yig‘imlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni jazolashdan ko‘ra, ularga imkoniyat berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish muhimligini ta’kidladi. Barcha vazir va tarmoq rahbarlariga bir hafta ichida byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
Hozirda 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yo‘nalish bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash vakolati mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 – 2026-yillarda tadbirkorlar va boshqa subyektlarga qariyb 3 trln so‘mlik jarima qo‘llanilgan.
«Jazolashdan oldin imkoniyat berish kerak»
Davlat rahbari jazo qo‘llaydigan tashkilotlar mas’ullarining ongi va dunyoqarashi o‘zgarishi zarurligini aytdi.
Ularning vazifasi tadbirkorni darhol jazolash emas, avvalo unga imkoniyat berish, xatoni tuzatish yo‘lini ko‘rsatish va biznes yuritishga ko‘maklashish bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Eksportchilarga tushayotgan xarajatlar ham ko‘tarildi
Yig‘ilishda tashqi bozorda raqobat kuchayayotgan sharoitda ishlab chiqaruvchi va eksportchilar uchun to‘lov hamda yig‘imlarni kamaytirish masalasi ham muhokama qilindi.
Misol sifatida bir fura gilosni eksport qilishda bojxona yig‘imi, fumigatsiya, sertifikat va deklarant xizmati uchun 5 mln so‘mgacha qo‘shimcha xarajat qilinayotgani aytildi.
Vazirliklar bir haftada taklif kiritadi
Barcha vazir va tarmoq rahbarlariga o‘z tizimidagi byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash topshirildi.
Takliflar biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlarning eksportga chiqishini yengillashtirishga qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uch oyda natija qilmagan bank rahbarlari lavozimidan ketishi ma’lum qilingandi. Davlat rahbari banklarning mahallalardagi faoliyatidan mutlaqo norozi ekanini bildirib, Markaziy bankning hududiy rahbarlari va davlat banklari filiallari boshliqlari ishini keskin tanqid qildi.