Qariyb 1,5 ming nafar fuqaro o‘zining xabarisiz ishga joylashtirilgan

2026-yilning birinchi yarmida fuqarolardan o‘zining xabarisiz ishga joylashtirilgani bo‘yicha 1 495 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur murojaatlar atroflicha o‘rganilgan. Natijada hozirda faoliyat yuritayotgan 143 ta korxona va tashkilot rahbarlariga nisbatan ma’muriy hamda jinoiy ta’sir choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, 56 ta korxona va tashkilotga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar kiritildi. O‘rganishlar davomida ayrim murojaatlarda ko‘rsatilgan korxona va tashkilotlar bugungi kunda tugatilgani ham aniqlandi.
Qayd etilishicha, fuqarolarning huquqlarini tiklash maqsadida 2020 – 2025-yillarda Yagona milliy mehnat tizimi (YMMT)ga kiritilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar o‘chirilib, mavjud muammolar bartaraf qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xodimlarga har yili kamida 21 kunlik mehnat ta’tili berilishi haqida yozgan edik.