Respublikadagi 17 nafar hokimning faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi

Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda joriy yilning olti oylik sanoat va eksport ko‘rsatkichlari tanqidiy tahlil qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, birinchi chorak yakunida jazolangan ko‘plab hokimlar xulosa chiqarib, belgilangan prognozlarni bajargan. Biroq ayrim tuman va shaharlarda o‘sish sur’ati pasayib ketgani qayd etildi.
Sanoat o‘sishi kutilgan darajaga chiqmadi
Yangiobod tumanida sanoat o‘sishi prognoz qilingan 5,7 foiz o‘rniga atigi 1,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, G‘ozg‘on shahri hamda Muzrabot, Qiziriq va Oltiariq tumanlarida ham sanoatdagi o‘sish sur’atlari pasaygani tanqid qilindi.
Eksportda ham sustkashlik kuzatildi
Kasbi, Denov, Toshkent tumani, Jizzax shahri, Paxtaobod, Navoiy shahri, Jomboy, Toyloq, Bandixon, Mirzacho‘l, Yozyovon va Bektemirda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha ishlar qoniqarsiz ekani ta’kidlandi.
17 nafar hokim bo‘yicha topshiriq berildi
Yig‘ilish yakunida Bosh vazirga sanoat va eksport bo‘yicha natija ko‘rsatmagan 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini bugunning o‘zida ko‘rib chiqish topshirildi.
Shuningdek, to‘qqiz oy yakuniga qadar vaziyat o‘zgarmasa, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat’iy choralar ko‘rilishi belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan uch oyda natija qilmagan bank rahbarlari lavozimidan ketishi haqida yozgandi.