
O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning JCh – 2026 dagi goli turnirning eng chiroyli goli sovriniga da’vogarlar qatoriga kiritildi. FIFA va Hyundai tomonidan tashkil qilingan ovoz berish 20 – 27-iyul kunlari davom etadi.
Shomurodov Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi 1:3 hisobida yakunlangan uchrashuvda O‘zbekistonning goliga mualliflik qilgan. FIFA ushbu vaziyatni mohirlik bilan tayyorlangan va nozik tarzda amalga oshirilgan aniq oshirma zarba sifatida ta’rifladi. Bu gol O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi ilk ishtirokining yorqin voqealaridan biri bo‘ldi.
Kimlar da’vogar

Sovrin uchun jami 12 futbolchining goli kurashmoqda. Da’vogarlar orasida eronliklarga qarshi kombinatsiyani yakunlagan Yangi Zelandiya vakili Elayja Jast, Senegal darvozasiga uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llagan fransiyalik Kilian Mbappe hamda Jazoirga qarshi Rodrigo de Paul uzatmasidan keyin to‘pni yuqori burchakka joylagan argentinalik Lionel Messi bor.
Shuningdek, Gaitining Marokashga qarshi uchrashuvida gol urgan Vilson Isidor, Qatar himoyachilarini ortda qoldirgan bosniyalik Kerim Alaybegovich, Shvetsiyaga qarshi chiroyli jamoaviy hujumni yakunlagan yaponiyalik Daydzen Maeda va Argentinaga qarshi qo‘shimcha vaqtda gol urgan Kabo-Verde vakili Sidni Lopes Kabral ham nomzodlar ro‘yxatidan joy olgan.

Braziliyaga qarshi kuchli va aniq zarbasi bilan ajralib turgan norvegiyalik Erling Holand, Shveysariya darvozasini ishg‘ol qilgan argentinalik Xulian Alvares, Fransiyaga qarshi individual mahoratini namoyish etgan angliyalik Jud Bellingem ham sovrin uchun kurashadi. Ro‘yxatga Ispaniyaning Argentina ustidan finaldagi g‘alabasini ta’minlagan Ferran Torresning goli ham kiritilgan.
Muxlislar FIFAning rasmiy platformasida o‘zlari eng chiroyli deb hisoblagan gol uchun ovoz berishi mumkin. Ovoz berish 27-iyul kuni yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shomurodov haqorat qilgan muxlisga qo‘ng‘iroq qilgani haqida yozgan edi.