
UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Onix, Tracker va Damas avtomobillarini foizsiz bo‘lib to‘lash shartlarini yaxshiladi. Bu haqda Autostrada nashri xabar bermoqda.
Onix va Tracker xaridorlari avtomobil qiymatining 30 foizini to‘lab, qolgan summani 40 oyda, 40 foizini to‘lab 49 oyda yoki 50 foizini to‘lab 62 oyda to‘lashi mumkin. Damas uchun esa boshlang‘ich to‘lovning 25, 30, 40, 50 va 60 foizlik variantlari taklif etilgan. Eng uzoq – 34 oylik muddat avtomobil narxining 60 foizi oldindan to‘langanda taqdim etiladi.
Masalan, 199,9 mln so‘mlik Onix LTZ Turbo AT uchun 30 foizlik boshlang‘ich to‘lov qariyb 60 mln so‘mni tashkil qiladi. Shundan keyin xaridor 40 oy davomida har oy 3,5 mln so‘mga yaqin mablag‘ to‘laydi. Avtomobil qiymatining yarmi – 99,95 mln so‘m oldindan to‘lansa, oylik to‘lov 62 oy davomida 1,61 mln so‘mgacha kamayadi.
Chevrolet Onix bo‘lib to‘lash jadvali
| Komplektatsiya | To‘liq narxi | 30%, 40 oy | 40%, 49 oy | 50%, 62 oy |
|---|---|---|---|---|
| 3LT MT | 184 750 000 | 55 425 000 / 3 233 125 | 73 900 000 / 2 262 245 | 92 375 000 / 1 489 919 |
| LTZ Turbo AT | 199 899 840 | 59 969 952 / 3 498 247 | 79 959 936 / 2 447 753 | 99 949 920 / 1 612 095 |
| Premier 2 Plus | 221 640 160 | 66 492 048 / 3 878 703 | 88 656 064 / 2 713 961 | 110 820 080 / 1 787 421 |
| Redline | 230 624 800 | 69 187 440 / 4 035 934 | 92 249 920 / 2 823 977 | 115 312 400 / 1 859 877 |
Chevrolet Tracker bo‘lib to‘lash jadvali
| Komplektatsiya | To‘liq narxi | 30%, 40 oy | 40%, 49 oy | 50%, 62 oy |
|---|---|---|---|---|
| LS Plus | 220 951 360 | 66 285 408 / 3 866 649 | 88 380 544 / 2 705 527 | 110 475 680 / 1 781 866 |
| LTZ Plus | 244 108 480 | 73 232 544 / 4 271 898 | 97 643 392 / 2 989 083 | 122 054 240 / 1 968 617 |
| Premier Plus | 272 656 160 | 81 796 848 / 4 771 483 | 109 062 464 / 3 338 647 | 136 328 080 / 2 198 840 |
| Redline | 282 474 080 | 84 742 224 / 4 943 296 | 112 989 632 / 3 458 866 | 141 237 040 / 2 278 017 |
Chevrolet Damas bo‘lib to‘lash jadvali
| Komplektatsiya | To‘liq narxi | 25%, 15 oy | 30%, 17 oy | 40%, 21 oy | 50%, 26 oy | 60%, 34 oy |
|---|---|---|---|---|---|---|
| D2 Style Plus | 96 932 000 | 24 233 000 / 4 846 600 | 29 079 600 / 3 991 318 | 38 772 800 / 2 769 486 | 48 466 000 / 1 864 077 | 58 159 200 / 1 140 376 |
| D3 Style Kombi | 96 449 000 | 24 112 250 / 4 822 450 | 28 934 700 / 3 971 429 | 38 579 600 / 2 755 686 | 48 224 500 / 1 854 788 | 57 869 400 / 1 134 694 |
| D11 Style Van | 93 156 000 | 23 289 000 / 4 657 800 | 27 946 800 / 3 835 835 | 37 262 400 / 2 661 600 | 46 578 000 / 1 791 462 | 55 893 600 / 1 095 953 |
Bo‘lib to‘lashni rasmiy mehnat stajisiz ham rasmiylashtirish mumkin. Buning uchun xaridor o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi yetarli. Boshlang‘ich to‘lov kamida 50 foiz bo‘lganda kredit va avtomobil sug‘urtasi bepul rasmiylashtiriladi.
Avtomobillar amaldagi chegirmalarsiz, to‘liq narxda sotiladi. Shu sababli oylik to‘lovning kamayishi avtomobil narxi arzonlashganini emas, qolgan summaning uzoqroq muddatga taqsimlanganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Onix Activ 2027 test-drayv qilingani haqida yozgan edi.