Investitsiyalar

UzNIF aktivlari qayta baholangach, Londonda kotirovkalar 6 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasida esa kotirovkalarda hozircha katta o‘zgarishlar kuzatilmadi
Foto: www.depositphotos.com

«O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ (UzNIF) sof aktivlari qiymati (NAV) birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha sezilarli darajada oshishini e’lon qilgani ortidan kompaniyaning London fond birjasi (LSE)dagi global depozitar tilxatlari (GDR) narxi ko‘tarildi. Shu bilan birga, «Toshkent» respublika fond birjasidagi kotirovkalarda hozircha katta o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Savdolar yakuniga ko‘ra, UzNIF’ning LSE’dagi global depozitar tilxatlari (tikeri: UZNF) 5,77 foizga qimmatlab, bir qog‘oz uchun 33 dollarga yetdi (sessiya davomida o‘sish 1,80 dollarni tashkil etdi). Kunlik savdolar davomida GDR narxi eng yuqori nuqta – 34,50 dollargacha ko‘tarildi.

UzNIF GDR kotirovkalarining London fond birjasidagi o‘zgarish grafigi

Manba: LSE

UzNIF GDR kotirovkalarining London fond birjasidagi o‘zgarish grafigi. LSE’dagi bitta UzNIF depozitar tilxati 64 700 dona oddiy aksiyani o‘zida birlashtirishini inobatga olsak, London kotirovkalarining bir dona aksiyaga to‘g‘ri keladigan qiymati 5,94 so‘mdan (ochilish narxi) 6,14 so‘mgacha (yopilish narxi) bo‘lgan diapazonni tashkil etdi. Kunlik maksimal ko‘rsatkich esa 6,42 so‘m darajasida qayd etildi.

Mahalliy maydonchada vaziyat qanday?

Mahalliy bozor ushbu xabarga biroz ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdi. «Toshkent» RFBda 20-iyuldagi savdolar yakuniga ko‘ra UzNIF aksiyalari narxi bir dona aksiya uchun 5,45 so‘m darajasida qayd etildi va o‘tgan kunga nisbatan 0,05 so‘mga (–0,91%) arzonladi. Savdo kuni davomida bitimlarning eng quyi ko‘rsatkichi 5,37 so‘mni, maksimal qiymati esa 5,53 so‘mni tashkil etdi. Jamg‘arma qimmatli qog‘ozlarining Toshkent birjasidagi umumiy savdo hajmi 122,5 mln dona aksiyadan oshdi, savdolarning pul ifodasidagi qiymati esa 666,37 mln so‘mni tashkil qildi.

Shunday qilib, xalqaro maydonchalarda UzNIF qimmatli qog‘ozlari O‘zbekistonning mahalliy bozoriga nisbatan sezilarli ustama bilan sotilmoqda. Toshkentda esa narxlar ikkilamchi savdolar boshlangan may oyidagi darajaga yaqinligicha qolmoqda.

Qayta baholash sabablari va investitsiya tarixi

Avvalroq UzNIF 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha portfelni mustaqil qayta baholash yakunlangani sababli, NAV ko‘rsatkichida may oyidagi raqamlarga nisbatan o‘sish kutayotganini ma’lum qilgan edi. Ijobiy qayta baholash Franklin Templeton boshqaruvi ostidagi jamg‘arma portfeliga kiruvchi ochiq bozorda savdo qilinmaydigan aktivlar va likvidligi past aksiyalarning adolatli qiymati bilan bog‘liq bo‘ldi. NAV bo‘yicha to‘liq hisobot 21-iyul kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi IPO doirasida chakana investorlar UzNIF aksiyalarini bir dona uchun 4,41 so‘mdan xarid qilgan edi. «Toshkent» RFBda ikkilamchi savdolar 18-may kuni boshlangan.