Investitsiyalar

UzNIF’ning sof aktivlari $2,63 mlrdga yetdi, Londonda kotirovkalar yana o‘smoqda

Mahalliy bozorda esa kotirovkalarda katta o‘zgarish kuzatilmadi
Foto: www.depositphotos.com

«O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ (UzNIF) sof aktivlari qiymati (NAV) 2026-yil 30-iyun holatiga ko‘ra $2,63 mlrd (31,67 trln so‘m)ga yetdi. Ko‘rsatkich joriy yilning may oyiga nisbatan 8,5 foizga oshdi. Bu haqda kompaniya o‘z hisobotida ma’lum qildi.

Hujjatga ko‘ra, bir dona oddiy aksiyaga to‘g‘ri keladigan sof aktivlar qiymati 6,27 so‘mni ($0,0005) tashkil etdi. Bitta global depozitar tilxat (GDR) bo‘yicha NAV ko‘rsatkichi 33,61 dollarga yetdi. Hisob-kitoblar O‘zR MB hisobot sanasidagi rasmiy valyuta kursi bo‘yicha amalga oshirildi.

Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, aktivlar qiymatining iyun oyidagi o‘sishi, eng avvalo, UzNIF portfelidagi birjada savdo qilinmaydigan aktivlar va likvidligi past aksiyalarning adolatli qiymati qayta ko‘rib chiqilgani bilan bog‘liq.

Birjalar qanday munosabat bildirdi

Aktivlar qiymati oshgani haqidagi xabar kotirovkalarning ko‘tarilishiga turtki berdi. London fond birjasida (LSE) Toshkent vaqti bilan soat 13:47 holatiga ko‘ra (09:47 BST), UzNIF’ning global depozitar tilxatlari 4,55 foizga qimmatlab, bir GDR uchun 34,50 dollarga yetdi.

London fond birjasidagi savdolar natijalari

Manba: LSE

Mahalliy bozorda esa kotirovkalarda katta o‘zgarish kuzatilmadi. Soat 14:06 holatiga ko‘ra, «Toshkent» RFBda jamg‘arma aksiyalari narxi 5,51 so‘mgacha ko‘tarildi. Bu oldingi yopilish narxidan 0,06 so‘mga yuqori.

Aktivlar qiymatining o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar haqidagi batafsil ma’lumotlar 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan investorlar bilan muloqotda (investor call) muhokama qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzNIF aktivlari qayta baholanishi e’lon qilingach, London birjasidagi kotirovkalar qanday o‘sgani haqida yozgan edi.