Yil yakuniga qadar 340 ta sovitkichli ombor ishga tushiriladi

eʼlon qilindi
Umumiy quvvati 87 ming tonna bo‘lgan
Yil yakuniga qadar 340 ta sovitkichli ombor ishga tushiriladi / Foto: Kursiv Uzbekistan

2026-yil oxirigacha meva-sabzavotni saqlash infratuzilmasini kengaytirish maqsadida yangi 340 ta sovitkichli ombor foydalanishga topshiriladi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda joylarda intervensiya tizimi yil davomida to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani sababli pishiqchilik davrida kartoshka narxi dalaning o‘zida keskin tushib ketgani qayd etildi. Natijada fermerlar uchun iqtisodiy manfaat yetarli bo‘lmagani bois 325 ming tonna kartoshka hali sotilmay qolgan.

Prezident kartoshkani fermerlar foyda ko‘radigan narxda zaxiraga olib, taqchillik davrida bozorga chiqarish orqali narxlar barqarorligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, yilning yarmi o‘tganiga qaramay, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida meva-sabzavotni saqlashga mo‘ljallangan birorta ham sovitkichli ombor ishga tushirilmagani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan yil yakunigacha umumiy quvvati 87 ming tonna bo‘lgan 340 ta sovitkichli omborni foydalanishga topshirish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilishda oziq-ovqat jamg‘armalarini shakllantirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Hokimlar bu yil jamg‘armalar hajmini 2,5 barobarga oshirib, 500 mlrd so‘mga yetkazishi kerakligi eslatildi. Biroq ayrim hududlardan tashqari, birorta hokim jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazmagani qayd etildi. Shu bois bosh vazir o‘rinbosariga uch kun ichida grafikni tasdiqlab, hokimlar uchun oziq-ovqat jamg‘armalariga oyma-oy yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini belgilash topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yil yakuniga qadar xorijdan 100 ming bosh qoramol olib kelinishi haqida yozgan edik.

Shuningdek