Dabdabasiz to‘y: 500 mln obunachiga ega MrBeast uylandi

22-iyul 2026 07:44 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Dabdabasiz to‘y: 500 mln obunachiga ega MrBeast uylandi
Foto: Instagram/ @mrbeast

Dunyodagi eng ommabop YouTube blogerlaridan biri MrBeast nomi bilan tanilgan amerikalik bloger Jimmi Donaldson janubiy afrikalik yozuvchi Teya Boysenga uylandi. Juftlik nikoh marosimidan olingan suratlarni 21-iyul kuni Instagram sahifalarida e’lon qildi.

To‘y 14-iyul kuni Britaniyalik tadbirkor Richard Bransonga qarashli Karib dengizidagi Neker orolida bo‘lib o‘tgan. Yopiq tarzda tashkil etilgan marosimda juftlikning qariyb 70 nafar yaqin qarindoshi va do‘sti qatnashgan. Bayram tadbirlari bir hafta davom etib, nikoh marosimini oilaning yaqin do‘sti olib borgan.

Foto: Instagram/
Foto: Instagram/

Juftlik qanday tanishgan

Teya Boysen ham ijtimoiy tarmoqdagi familiyasini Donaldsonga o‘zgartirdi. Avvalroq MrBeast 11-iyul kuni yangi video chiqarmasligini bildirib, bunga turmush qurish bilan band bo‘lishi mumkinligini hazil tariqasida aytgan edi.

Foto: Instagram/

MrBeast va Teya Boysen 2022-yilda Donaldsonning Janubiy Afrikaga safari vaqtida o‘zaro tanishgan. Ular dastlab masofaviy munosabatda bo‘lib, AQSh va Janubiy Afrika o‘rtasida qatnab turgan.

Donaldson 2024-yil 25-dekabr kuni ikki tomonning oila a’zolari davrasida Boysenga turmush qurishni taklif qilgan. Juftlik unashtirilganini 2025-yil boshida ommaga ma’lum qilgan edi.

Foto: Instagram/

MrBeast avvaldan to‘yni ommaviy shouga aylantirmasdan, faqat oila a’zolari va yaqin do‘stlar ishtirokida o‘tkazishni rejalashtirganini aytgan. Shu sababli marosimning asosiy qismi kameralar va begona mehmonlarsiz tashkil etilgan.

Jimmi Donaldson keng ko‘lamli sinovlar, yirik pul mukofotlari va xayriya loyihalariga bag‘ishlangan videolari bilan mashhur. U 2026-yil 12-iyunda YouTube tarixida 500 mln obunachiga erishgan birinchi individual kontent yaratuvchiga aylandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abbosbek Fayzullayev to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pgani haqida yozgan edi.

Shuningdek