
Honor kompaniyasi Xitoyda Honor 600 Pro smartfonining Sky Blue Gift Box Edition nomli limitlangan versiyasini taqdim etdi. Maxsus to‘plam 21–31-iyul kunlari sotuvda bo‘ladi.
Honor 600 Pro’ning yangi versiyasi och ko‘k — Sky Blue rangida chiqarilgan. Sovg‘ali to‘plamga smartfondan tashqari brend sumkasi, gradient dizaynli va pat teksturasiga ega g‘ilof, tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydigan tashqi akkumulyator, aktrisa Van Churan tasviri tushirilgan kolleksion karta hamda eksklyuziv stikerlar kiritilgan.

Smartfon chegirma bilan sotilmoqda
Honor 600 Pro’ning 12 GB tezkor va 256 GB ichki xotiraga ega versiyasi $29,6 chegirma bilan taklif qilinmoqda.
Xaridorlar qo‘shimcha ravishda $44,2 lik Honor Earbuds X9 simsiz quloqchinlarini bepul olishlari mumkin. Shuningdek, 24 oygacha foizsiz bo‘lib to‘lash va trade-in dasturida $148 gacha subsidiya olish imkoniyati ham mavjud.
Talabalar uchun alohida bonus bor
Talabalar uchun alohida sovg‘a ham nazarda tutilgan. Ular 10 000 mA/soat sig‘imli, tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydigan tashqi akkumulyatorni bepul olishlari mumkin.
Honor 600 Pro 200 MP kameraga, 7000 mA/soat batareyaga va IP69K darajasidagi himoyaga ega smartfon sifatida taqdim etilgan.
Yangi Sky Blue Gift Box Edition rasmiy Honor internet-do‘koni, shuningdek JD.com va Tmall platformalari orqali sotilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Honor 8100 mA/soat batareyali smartfon chiqargandi. Qurilma 8100 mA/soat sig‘imli akkumulyator, 120 gertsli ekran, 50 megapikselli kamera va IP69K darajasidagi himoya bilan jihozlangan.