Gadjetlar

Motorola Razr yaratuvchilaridan biri 300 dollarlik Light Flip telefonini taqdim etdi

Telefon tashqi ekransiz ishlab chiqildi
Motorola Razr yaratuvchilaridan biri 300 dollarlik Light Flip telefonini taqdim etdi
Foto: Light/ithome

Motorola Razr ishlab chiquvchilaridan biri Tan Kayvey Jo Hollier bilan birga yangi Light Flip buklama telefonini taqdim etdi. IT Home nashriga ko‘ra, qurilma odatiy smartfonlardan charchagan va chalg‘ituvchi funksiyalarsiz sodda telefon ishlatishni istagan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

Telefon tashqi ekransiz ishlab chiqildi

Light Flip zamonaviy buklama smartfonlardan farqli ravishda tashqi ekranga ega emas. Unda faqat ichki 2,8 dyuymli OLED displey mavjud.

Kompaniyaga ko‘ra, tashqi ekrandan voz kechish foydalanuvchilar istagi asosida qabul qilingan. Korpusning tashqi qismida esa bildirishnomalarni ko‘rsatish uchun kichik yorug‘lik indikatori joylashtirilgan.

Qurilma kamroq chalg‘itish uchun yaratilgan

Foto: Light/ithome

Tan Kayveyning aytishicha, jamoa bir necha yil davomida buklama telefon ishlatadigan Z avlodi vakillarining odatlarini o‘rgangan. Ularning ko‘pchiligi zamonaviy buklama telefonlarning sifati pastligini tanqid qilgan, biroq baribir bunday qurilmalarni o‘z uslubining bir qismi sifatida ishlatishda davom etgan.

Shu sabab Light startapi o‘zining minimalistik Light Phone konsepsiyasini buklama telefon formatiga moslashtirishga qaror qilgan.

Asosiy ilovalar saqlab qolingan

Light Flip Light Phone OS operatsion tizimida ishlaydi. Unda budilnik, kalendar va kalkulyator kabi asosiy ilovalar bor.

Kompaniya kelgusida ishlab chiquvchilar uchun SDK taqdim etib, yangi dasturlar yaratish imkonini bermoqchi.

Narxni pasaytirish uchun ayrim funksiyalar olib tashlangan

Telefonni imkon qadar arzon qilish uchun ishlab chiquvchilar sensor ekran, NFC va old kameradan voz kechgan. Alyuminiy korpus o‘rniga plastik korpus ishlatilgan. Light Flip qora, qizil, sariq, pushti, to‘q ko‘k va och kulrang ranglarda chiqariladi.

Qurilma 5G va 4G LTE tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Unda musiqa va podkast eshitish imkoniyati, 3,5 mm quloqchin ulagichi, Bluetooth, USB-C orqali quvvatlash, eSIM va Nano SIM kartalari bilan ishlash funksiyalari mavjud.

Asosiy kamera 12 MP aniqlikka ega. Light Flip narxi $300 etib belgilangan. Bu uni Light kompaniyasi liniyasidagi eng arzon qurilmaga aylantiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei 10 000 mA/soat batareyali smartfon tayyorlayotgani aytilayotgandi. Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, yangi smartfon avtonomlik bo‘yicha «monster» modellardan biri bo‘lishi mumkin. Qurilmaga 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilishi aytilmoqda.