O‘zbekiston tranzitdan yiliga 600 mln dollargacha daromad olishi mumkin — prezident

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Transport yo‘laklari iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytiradi
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti uch baravar o‘sgan. 2030-yilgacha uning hajmini $240 milliardga yetkazish maqsadi qo‘yilgan bo‘lib, buning uchun zamonaviy transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tranzit hajmi oshadi
Qayd etilishicha, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va Transafg‘on temir yo‘llari ishga tushgach, mamlakat Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik transport yo‘lagining muhim bo‘g‘iniga aylanadi. Bu orqali Pokiston portlari hamda Janubiy Osiyoning qariyb 2 milliard iste’molchiga ega bozorlariga chiqish imkoniyati yaratiladi.
$600 mlngacha daromad va 50 ming ish o‘rni
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga qo‘shimcha 15–20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qilishi mumkin. Bu esa yiliga $400–600 million daromad keltirishi, logistika markazlari va terminallar qurilishiga $3 milliard investitsiya jalb etilishi hamda kamida 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2027-yil iqtisodiy rejalari «safarbarlik ssenariysi» asosida ishlab chiqilishi haqida yozgandi.