Telegram 1 mlrd foydalanuvchiga Gram hamyonini ochadi

eʼlon qilindi
Foydalanuvchilarning raqamli aktivlari va maxfiy kalitlari Telegram yoki boshqa vositachi kompaniyada saqlanmaydi
Telegram 1 mlrd foydalanuvchiga Gram hamyonini ochadi
Foto: Getty Images

Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerga Gram nomli kriptohamyon o‘rnatilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi xizmat shu yozning o‘zida Telegram’ning barcha ilovalarida ishga tushiriladi va undan messenjerning 1 mlrddan ortiq foydalanuvchisi foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Gram orqali kriptovalyutalarni bir zumda va komissiyasiz o‘tkazish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda. Durov ushbu loyiha tarixdagi eng yirik nokastodial kriptohamyon joriy etilishi bo‘lishini ta’kidladi.

Nokastodial hamyonning asosiy xususiyati shundaki, foydalanuvchilarning raqamli aktivlari va maxfiy kalitlari Telegram yoki boshqa vositachi kompaniyada saqlanmaydi. Hamyon egalari o‘zlarining maxfiy kalitlarini mustaqil boshqaradi va kriptoaktivlari ustidan to‘liq nazoratni saqlab qoladi. Shu bilan birga, kalit yo‘qotilgan taqdirda aktivlarga kirishni tiklash mas’uliyati ham foydalanuvchining zimmasida bo‘ladi.

Durov hozircha Gram’ning aniq ishga tushirilish sanasi, qaysi kriptovalyutalarni qo‘llab-quvvatlashi va komissiyasiz operatsiyalarning texnik shartlarini oshkor qilmadi. Hamyonning ayrim davlatlarda mahalliy qonunchilik va kriptoaktivlarga qo‘yilgan cheklovlar asosida qanday ishlashi ham noma’lum qolmoqda.

Ayni paytda Telegram ichida Wallet kriptovalyuta xizmati mavjud. Biroq u messenjerga shartnoma asosida integratsiya qilingan mustaqil loyiha bo‘lib, bevosita Telegram kompaniyasiga tegishli emas. May oyi oxirida Wallet Buyuk Britaniya sanksiyalari ostiga tushgan yettita kriptovalyuta birjasi bilan operatsiyalarni cheklagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Telegram messenjerining navbatdagi yangilanishida foydalanuvchilar uchun qator yangi imkoniyatlar taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek