1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkin

eʼlon qilindi
Keshbek o‘rniga yutuqli lotereya joriy etish taklif qilindi
Andijonda qariyb 40 milliard so‘mlik keshbek noqonuniy «uxlatildi»
Foto: ey.com

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti direktorining o‘rinbosari Dilshod Sultonov 1 foizlik soliq keshbeki tizimini imkon qadar tezroq bekor qilish kerakligini bildirdi. Bu haqda mutaxassis bergan intervyusida ma’lum qildi.

150 million dollarni boshqacha yo‘naltirish mumkin

Sultonovning ta’kidlashicha, amaldagi tizim bo‘yicha keshbek mablag‘larining qariyb 80 foizi chek berish amaliyoti allaqachon yo‘lga qo‘yilgan yirik supermarketlar va umumiy ovqatlanish tarmoqlari xaridorlariga to‘g‘ri kelmoqda. Uning fikricha, fuqarolarning chek talab qilish madaniyati shakllanib bo‘lgan va endi tizimni saqlab qolish maqsadga muvofiq emas.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, davlat har yili 1 foizlik keshbek uchun $150 million sarflamoqda. Bu mablag‘ evaziga 120 o‘rinli 300 ta bog‘cha qurish mumkinligini qayd etdi.

Cheklar uchun avtomobil yutib olish imkoniyati taklif etildi

Institut vakili keshbek o‘rniga lotereya tizimini joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, hozir amal qilayotgan 20 million so‘mlik chek limiti bekor qilinishi, fuqarolar istalgan miqdordagi chekni ro‘yxatdan o‘tkazishi va ular orasida 200 million so‘mlik avtomobil kabi yirik sovrinlar o‘ynalishi mumkin.

Soxta cheklar va firibgarlik holatlari ko‘paygan

Dilshod Sultonovning aytishicha, so‘nggi yillarda qalbaki cheklar tayyorlash, ularni sotish va noqonuniy ravishda keshbek olish holatlari ko‘paygan. Shu bois tizimni o‘zgartirish zarurati yuzaga kelgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun imtiyoz saqlanadi

Sultonovning qayd etishicha, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga go‘sht, tuxum, un, shakar, o‘simlik yog‘i, dori vositalari va tibbiy xizmatlar xaridida QQSning 12 foizini qaytarish tartibi bekor qilinmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tizim maqsadli ijtimoiy yordam vositasi sifatida saqlanib qoladi, biroq undan noqonuniy foydalanishning oldini olish uchun takomillashtiriladi.

Keshbek xarajatlari ikki barobarga oshishi mumkin

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 1 foizlik soliq keshbeki uchun 820 milliard so‘m sarflangan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 1,8 trillion so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Taqqoslash uchun, 2026-yilda davlat budjetidan bog‘chalar qurilishiga 900 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 1,4 mlrd so‘mlik keshbek firibgarligi fosh etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek