«Toshkent» RFB rahbari: ipoteka obligatsiyalari uy-joy va kapital bozorlarini qanday o‘zgartiradi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Fond birjasi ipoteka obligatsiyalariga institutsional investorlar orasida yuqori qiziqish borligini qayd etmoqda
Fayzulla Tashov bilan intervyu
Foto: «Toshkent» respublika fond birjasi

2026-yil 8-iyul kuni «Toshkent» Respublika fond birjasida O‘zbekiston tarixida ilk bor ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha 40,56 mlrd so‘mlik bitim amalga oshirildi. Prezidentning PF-26-sonli farmoni doirasida «UMRC SPV» MCHJ emitent sifatida umumiy qiymati 200 mlrd so‘mlik pilot loyihani boshlab berdi. Sekyuritizatsiya mexanizmi qanday ishlashi, nima uchun dastlabki bitim nazorat qilinadigan «qumdon» sharoitida o‘tkazilgani hamda ushbu qimmatli qog‘ozlarni jismoniy shaxslar ham sotib olishi mumkin bo‘ladimi? Shu va boshqa savollarga «Toshkent» RFB boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fayzulla Tashov Kursiv Uzbekistan’ga bergan intervyusida so‘zlab berdi.

— Fayzulla Muratovich, ipoteka obligatsiyalari nima va nima uchun ushbu instrument aynan hozir O‘zbekiston bozorida paydo bo‘ldi?

— Oddiy qilib aytganda, ipoteka obligatsiyalari — ipoteka kreditlari jamlanmasi bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlardir. Moliyaviy tashkilot ajratilgan ipoteka kreditlarini yagona jamlanmaga (ipoteka kreditlari portfeli) birlashtiradi va aynan shu jamlanma ta’minoti asosida investorlar tomonidan xarid qilinadigan obligatsiyalarni chiqaradi.

Bunday mexanizm sekyuritizatsiya deb ataladi. U ipoteka kreditlarini bozorda erkin muomalada bo‘ladigan moliyaviy instrumentga aylantiradi. Natijada banklar va ipoteka tashkilotlari o‘z mablag‘larini tezroq qayta moliyalashtirib, ularni yangi ipoteka kreditlarini ajratishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi. Investorlar esa nisbatan barqaror va prognoz qilinishi mumkin bo‘lgan daromad keltiruvchi uzoq muddatli investitsiya vositasiga ega bo‘ladilar.

O‘zbekistonda ipoteka obligatsiyalarining joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF–26-son «Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosining natijalaridan biri bo‘ldi. Mazkur hujjat sekyuritizatsiya mexanizmini joriy etish, kapital bozorining zarur infratuzilmasini shakllantirish hamda ipoteka obligatsiyalarining tajriba tariqasida chiqarilishi uchun huquqiy asos yaratdi.

Farmonga muvofiq, umumiy hajmi 200 mlrd so‘m bo‘lgan ipoteka obligatsiyalarining pilot chiqarilishi nazarda tutilgan. Mazkur obligatsiyalar «O‘zmilliybank» AJ, «Asakabank» AJ, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB, «Xalq banki» AT hamda «Agrobank» ATBning ipoteka kreditlari jamlanmasi bilan ta’minlangan. Ularning joylashtirilishi hamda keyingi muomalasi «Toshkent» Respublika fond birjasi orqali amalga oshiriladi. 2026-yil 8 iyul kuni «Xalq banki» AT ishtirokida yopiq obuna asosida 40,56 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha birinchi bitim muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Aslida, bu shunchaki qimmatli qog‘ozlarning yangi turi emas. Bu ipoteka bozorini rivojlantirish, kapital bozorini yanada chuqurlashtirish hamda iqtisodiyotga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladigan zamonaviy xalqaro moliyaviy mexanizmdir.

— 40,56 mlrd so‘mlik birinchi bitim «Xalq banki» ishtirokida yopiq obuna shaklida amalga oshirildi. Nima uchun dastlabki bosqichda aynan yopiq joylashtirish shakli tanlandi va pilot loyiha (200 mlrd so‘m) doirasida kelgusida ochiq bozorga chiqish rejalashtirilganmi?

— Yopiq joylashtirish shakli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–26-son Farmoniga muvofiq sekyuritizatsiya mexanizmini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha doirasida belgilangan. Farmonga ko‘ra, umumiy hajmi 200 mlrd so‘m bo‘lgan ipoteka obligatsiyalarining birinchi chiqarilishi beshta tijorat banki o‘rtasida joylashtiriladi va ularning har biri uchun 40 mlrd so‘mdan hajm belgilangan.

Bunday yondashuv nazorat qilinadigan sharoitda yangi moliyaviy instrumentni sinovdan o‘tkazish, uni chiqarish, muomalaga kiritish va hisob-kitoblarni amalga oshirishning barcha bosqichlarini amalda sinab ko‘rish, shuningdek, mazkur instrumentni «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida qo‘llash amaliyotini shakllantirish imkonini beradi.

Ochiq bozorga chiqish istiqbollariga kelsak, mazkur mexanizmning keyingi rivojlanishi pilot loyiha natijalariga, shuningdek, emitent hamda vakolatli davlat organlari qabul qiladigan qarorlarga bog‘liq bo‘ladi. O‘z navbatida, «Toshkent» Respublika fond birjasi emitent qarorlari hamda amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish va ularning muomalasini ta’minlash uchun zarur infratuzilmani ta’minlashga tayyor.

— SPV tuzilmasi orqali qimmatli qog‘ozlarning muomalaga chiqarilishini yo‘lga qo‘yish uchun Birjaning savdo yoki hisobga olish tizimlarini modernizatsiya qilishga to‘g‘ri keldimi?

— SPV tuzilmasi orqali ipoteka obligatsiyalarini chiqarish Birjaning savdo va hisob-kitob infratuzilmasini sezilarli darajada modernizatsiya qilishni talab etmadi. Shu bilan birga, birinchi chiqarilish joylashtirilishidan oldin Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi bilan hamkorlikda SPV orqali qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish, hisobga olish hamda keyingi muomala bilan bog‘liq barcha jarayonlar kompleks tarzda sinovdan o‘tkazildi.

Sinov natijalariga ko‘ra, barcha jarayonlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun faqat minimal texnik tuzatishlar kiritildi. Natijada ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha birinchi bitim shtat rejimida muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu esa Birja infratuzilmasining bunday instrumentlarning muomalasini ta’minlashga tayyorligini tasdiqladi.

— Ushbu obligatsiyalarning asosiy maqsadli investori kim hisoblanadi? Kelgusida ushbu instrument chakana (jismoniy shaxs) investorlar uchun ham ochiq bo‘ladimi?

— Har bir chiqarilishning maqsadli investorlari emissiya shartlari va investitsiya strategiyasini hisobga olgan holda bevosita emitent tomonidan belgilanadi. Birja esa, o‘z navbatida, qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va ularning muomalasini ta’minlash uchun zarur infratuzilmani taqdim etadi.

Dastlabki ipoteka obligatsiyalariga kelsak, pilot loyiha doirasida chiqarilish, avvalo, institutsional investorlarga mo‘ljallangan. Chunki aynan ular bunday loyihalarda ishtirok etish uchun zarur moliyaviy resurslar va tajribaga ega.

Shu bilan birga, sekyuritizatsiya bozori rivojlanib, yangi chiqarilishlar amalga oshirilishi bilan investorlarning yanada keng doirasi, jumladan jismoniy shaxslarning ham ishtirok etish imkoniyati istisno etilmaydi. Bu aniq chiqarilishlarning shartlari hamda emitentlarning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq qabul qiladigan qarorlariga bog‘liq bo‘ladi.

— Mintaqada ko‘plab qarz instrumentlarining asosiy muammolaridan biri — ikkilamchi bozorda likvidlikning pastligidir. Birja ipoteka obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi savdolarini qanday rag‘batlantirishni rejalashtirmoqda? Marketmeykerlar jalb etiladimi?

— Ikkilamchi bozorda yetarli likvidlikning shakllanishi yangi qarz instrumentlarining muvaffaqiyatli rivojlanishida muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu bois hozirgi vaqtda ipoteka obligatsiyalari, shuningdek, xorijiy valyutada nominallashtirilgan obligatsiyalar bo‘yicha marketmeykerlarni jalb qilish mexanizmi ko‘rib chiqilmoqda.

Marketmeykerlarning ishtirok etishi uzluksiz ikki tomonlama kotirovkalarni ta’minlash, likvidlikni qo‘llab-quvvatlash hamda obyektiv bozor narxlarining shakllanishiga xizmat qiladi. Bu amaliyot rivojlangan fond bozorlarida keng qo‘llanilib, yangi moliyaviy instrumentlarga investorlar qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Vaqt o‘tishi bilan mazkur instrumentlar bo‘yicha savdo faolligi va investorlar ishonchi ortishi natijasida ularning likvidligi tabiiy ravishda o‘sib boradi. Shunga muvofiq, bozor rivojlangan sari marketmeykerlar tomonidan qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan ehtiyoj ham bosqichma-bosqich kamayishi mumkin.

— Jahon tajribasida ipoteka qimmatli qog‘ozlari bilan bog‘liq xatarlar ma’lum. «Toshkent» Respublika fond birjasida ipoteka kreditlari jamlanmasi sifatini nazorat qilish qanday mexanizmlar asosida amalga oshiriladi? Investor ta’minotning ishonchliligiga qanday ishonch hosil qilishi mumkin?

— Har qanday investitsiya muayyan darajadagi tavakkalchilik bilan bog‘liq bo‘ladi va ipoteka obligatsiyalari ham bundan mustasno emas. Shu bilan birga, mazkur instrumentning barqarorligi ko‘p bosqichli nazorat mexanizmi orqali ta’minlanadi.

«Toshkent» Respublika fond birjasi emitentni hamda qimmatli qog‘ozlar chiqarilishining Birja muomalasiga qo‘yish uchun belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi. Ayni paytda ta’minot sifati Birja tomonidan emas, balki ipoteka kreditlari jamlanmasining sifati, shuningdek, qonunchilikda belgilangan baholash tartiblari asosida baholanadi.

Bunda ipoteka qarz oluvchilarini saralash sifati, ishonchli ipoteka kreditlari jamlanmasini shakllantirish hamda chiqarilishning reyting agentliklari tomonidan mustaqil baholanishi asosiy ahamiyatga ega. Aynan shu omillar investorlarga ipoteka obligatsiyalarining ishonchlilik darajasini xolis baholash va asosli investitsiya qarorini qabul qilish imkonini beradi.

— Pilot loyiha doirasida chiqarilishning umumiy hajmi 200 mlrd so‘mni tashkil etadi. Sizning prognozlaringizga ko‘ra, bozor qolgan hajmni qanchalik tez o‘zlashtirishga tayyor? Shuningdek, ushbu loyiha istiqbolda qurilish sohasi va aholi uchun ipoteka kreditlari qiymatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

— Biz institutsional investorlar tomonidan ipoteka obligatsiyalariga yuqori qiziqish kuzatilayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu mazkur instrumentga bozorda talab mavjudligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ipoteka obligatsiyalarining chiqarilishi bir martalik loyiha emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF–26-son «Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan vazifalarning amaliy ijrosining bir qismi hisoblanadi. Pilot loyiha doirasida chiqarilish yangi mexanizmning samaradorligini baholash, uni amaliyotda sinovdan o‘tkazish hamda sekyuritizatsiya mexanizmlarini keyingi bosqichlarda rivojlantirish uchun muhim asos yaratadi.

Uzoq muddatli istiqbolda ipoteka obligatsiyalari banklar va ixtisoslashtirilgan moliyaviy tashkilotlarga barqaror moliyalashtirish manbalarini jalb qilish imkonini beradi. Bu esa banklar va ixtisoslashtirilgan moliyaviy tashkilotlarga jalb qilingan resurslarni yangi ipoteka kreditlarini ajratishga yo‘naltirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, aholi uchun ipoteka kreditlari qiymati, birinchi navbatda, makroiqtisodiy sharoit, moliyalashtirish resurslarining qiymati hamda moliya bozoridagi umumiy vaziyat bilan belgilanadi. Shu bois ipoteka obligatsiyalarining joriy etilishi uzoq muddatli istiqbolda ipoteka bozorining barqarorligi va resurs bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek