Sport

Fayzullayev va Shomurodov maydonga tushgan bahsda «Istanbul Bashakshehir» «Inter Turku» bilan durang o‘ynadi

Fayzullayev va Shomurodov maydonga tushgan bahsda «Istanbul Bashakshehir» «Inter Turku» bilan durang o‘ynadi
Foto: Getty Images

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi UEFA Konferensiyalar ligasi saralash bosqichida Finlandiyaning «Inter Turku» jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushdi, Abbosbek Fayzullayev esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.

Bahsning 16-daqiqasida mehmonlar hisobni ochdi. Yasse Tuominenning uzatmasidan so‘ng Klinton Jefta to‘pni darvozaga yo‘llab, «Inter Turku»ni oldinga olib chiqdi. «Bashakshehir» birinchi bo‘lim davomida hisobni tenglashtirish uchun bir qator imkoniyatlar yaratdi.

Eldor Shomurodov 27-daqiqada darvoza tomon zarba berdi. 34-daqiqada esa o‘zbekistonlik futbolchining zarbasi darvoza ustuniga tegdi. Shomurodov ikkinchi bo‘limning 65-daqiqasida ham raqib darvozasiga zarba yo‘lladi.

Turkiya klubi 54-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Yusuf Sari burchak zarbasini amalga oshirganidan keyin himoyachi Emin Bayram gol urdi.

61-daqiqada Abbosbek Fayzullayev Ivan Brnich o‘rniga maydonga tushdi.

O‘zbekistonlik yarim himoyachi bir nechta standart vaziyatlarni ijro etdi. U 76 va 79-daqiqalarda jarima zarbalarini amalga oshirdi, 82-daqiqada darvoza tomon tepdi. 87-daqiqada Fayzullayev yana bir imkoniyatga ega bo‘ldi, biroq uning zarbasi darvoza sohasiga aniq bormadi.

Eldor Shomurodov 69-daqiqada zaxiraga olindi va uning o‘rniga Nunu da Koshta maydonga tushdi. O‘yin yakuniga qadar «Bashakshehir» ustunlikni qo‘lga olishga urindi, ammo hisob o‘zgarmadi. Natijada jamoalar 1:1 hisobidagi durang bilan kifoyalandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shomurodov va Fayzullayev UEFA turnirida yurishini boshlashi haqida yozgan edi.