Lada Azimut avtomobili qanday xususiyatlar bilan chiqadi

23-iyul 2026 11:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Lada Azimut avtomobili qanday xususiyatlar bilan chiqadi
Foto: AvtoVAZ

AvtoVAZ’ning yangi Lada Azimut krossoveri yuqori komplektatsiyada tabiiy charm bilan qoplangan salon, panoramali tom va smartfon uchun simsiz quvvatlash tizimiga ega bo‘lishi mumkin. Modelning bazaviy va eng qimmat versiyalari jihozlari haqidagi ma’lumotlar oshkor qilindi.

Bazaviy Lada Azimut barqarorlashtirish tizimi, konditsioner, «Sber» xizmatlari o‘rnatilgan multimedia majmuasi, yuvish funksiyasiga ega orqa kamera va kalitsiz kirish tizimi bilan jihozlanishi aytilmoqda. Shuningdek, masofadan dvigatelni ishga tushirish imkonini beruvchi telematika, raqamli asboblar paneli, elektron qo‘l tormozi, LED faralar va dinamik burilish chiroqlari ham standart jihozlar qatoriga kirishi mumkin.

Yuqori komplektatsiyada yon xavfsizlik yostiqchalari, xavfsizlik pardalari va «ko‘r» hududlarni nazorat qilish tizimi paydo bo‘lishi kutilmoqda. Salon tabiiy charm bilan bezatiladi, ikki hududli iqlim nazorati, old o‘rindiqlar, rul, old oyna va old yon oynalarni isitish tizimlari taklif qilinadi.

Old o‘rindiqlar elektr yordamida sozlanadi, avtomobil esa 360 darajali kameralar, elektr bagaj eshigi, simsiz quvvatlash va 17 yoki 18 dyuymli yengil qotishmali disklar bilan ta’minlanishi mumkin.

Foto: AvtoVAZ

Yana nimalarni kutish kerak

Panoramali tom, old yon oynalarni isitish va bagaj eshigining elektr yuritmasi AvtoVAZ’ning seriyali avtomobillarida ilgari taklif qilinmagan funksiyalar hisoblanadi. Shu sabab Lada Azimut kompaniyaning jihozlanish darajasi bo‘yicha eng ilg‘or modellaridan biriga aylanishi mumkin.

Sotuvlar boshlanganda krossover ikkita atmosferali benzin dvigateli bilan chiqarilishi rejalashtirilgan. Boshlang‘ich versiyaga 120 ot kuchiga ega 1,6 litrli 16 klapanli motor va olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi o‘rnatiladi. 135 ot kuchiga ega 1,8 litrli dvigatel esa variator bilan ishlaydi.

2027-yilda model qatori kamida 150 ot kuchiga ega 1,4 litrli turbomotor va klassik avtomatik uzatmalar qutisi o‘rnatilgan yangi versiya bilan to‘ldirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Azimut ekstremal sharoitlarda sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek