Xiaomi SkyNomad N90 qanday dizaynda chiqadi

23-iyul 2026 13:46 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xiaomi SkyNomad N90 qanday dizaynda chiqadi
Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi iyul oxirida taqdim etilishi kutilayotgan yangi Xiaomi SkyNomad N90 yirik SUV modelining interyerini namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Yetti o‘rindiqli SkyNomad N90 saloni 2+2+3 sxemasida tashkil etilgan. Bunda oldingi qatorda ikki, ikkinchi qatorda ikkita alohida, uchinchi qatorda esa uchta o‘rindiq joylashtirilgan. Hozir premium oilaviy SUVlar orasida 2+2+2 ko‘rinishidagi olti o‘rindiqli salon keng tarqalgan bo‘lsa-da, Xiaomi ko‘proq yo‘lovchi tashish imkonini beruvchi yetti o‘rindiqli yechimni tanlagan.

Foto: Xiaomi

Xiaomi rahbari Ley Szunning ta’kidlashicha, bunday joylashuv farzandli oilalarga ota-onalari yoki enaga bilan birga sayohat qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, ikkinchi qatordagi alohida o‘rindiqlar sabab avtomobildan biznes uchrashuvlari va mehmonlarni kutib olishda ham foydalanish mumkin.

Texnik imkoniyatlar

Foto: Xiaomi

SkyNomad N90 «Living Space» – yashash makoni konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Avtomobilning uzunligi 5 285 mm, kengligi 1 998 mm, balandligi 1 825 mmni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 3 080 mmga teng. Bu ko‘rsatkichlar model salonida keng joy va uch qatorli o‘rindiqlarni erkin joylashtirish imkonini beradi.

Salon polining to‘liq tekis shaklda ishlangani va o‘rindiqlar uchun kuzov bo‘ylab cho‘zilgan relslar o‘rnatilgani qayd etilgan. Oldingi o‘rindiqlarni 180 darajaga burish mumkin. Ikkinchi qatorda esa «nol gravitatsiya» holatiga o‘tuvchi qulay o‘rindiqlar standart jihoz sifatida taklif qilinadi.

Foto: Xiaomi

Yo‘lovchilar uchun shiftga o‘rnatilgan va oldinga yoki orqaga suriladigan ekran ko‘zda tutilgan. Uchinchi qatordagi yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha planshet, shuningdek, proyeksion tizim buyurtma asosida taklif qilinishi mumkin.

Tashqi dizaynda old panjaraga birlashtirilgan «Mi» shaklidagi LED chiroqlar va SkyNomad yozuvi qo‘llangan. Tom qismiga o‘rnatilgan LiDAR sensori esa ilg‘or haydovchiga ko‘maklashuvchi va aqlli boshqaruv tizimlarining ishlashini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi Skynomad qanday elektr yurish zaxirasini olishi haqida yozgan edi.

Shuningdek