
Chevrolet kelajakda yangi hamyonbop elektromobilini Xitoyning Wuling Bingo Pro modeli asosida yaratishi mumkin. Model ayrim bozorlarda Chevrolet Matiz avtomobilining zamonaviy vorisi sifatida taqdim etilishi ehtimoli bor.
Wuling Bingo Pro uzunligi 4 metrdan biroz oshadigan besh eshikli xetchbek bo‘lib, uning g‘ildiraklar bazasi 2560 mmni tashkil etadi. Elektromobil old g‘ildiraklarni harakatga keltiruvchi 88 ot kuchiga ega bitta elektr motor bilan jihozlangan.
Texnik imkoniyatlar

Xitoy bozorida model 31,9 va 37,9 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat batareyalarning ikki xil varianti bilan taklif etiladi. Bingo Pro 2026-yil bahorida sotuvga chiqarilgan bo‘lib, uning boshlang‘ich narxi 58,8 ming yuan yoki qariyb $8,7 mingni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich uni o‘z segmentidagi eng arzon elektromobillardan biriga aylantiradi.

General Motors Xitoyda ishlab chiqarilgan Wuling va Baojun avtomobillarini Chevrolet brendi ostida boshqa bozorlarga olib chiqish amaliyotidan avval ham foydalangan. Jumladan, Lotin Amerikasi uchun mo‘ljallangan elektr Chevrolet Spark Baojun Yep Plus negizida yaratilgan. Elektr Chevrolet Captiva esa Wuling Starlight S modelining Chevrolet nomi ostida sotiladigan versiyasi hisoblanadi.
Tajriba nima deydi

Shunga o‘xshash yondashuv O‘zbekistonda ham qo‘llanmoqda. Mamlakatda taqdim etilgan ikkinchi avlod Damas Xitoyning Wuling Hongguang V modeli asosida ishlab chiqilgan.
Chevroletning Wuling Bingo Pro asosidagi elektromobilini qachon va qaysi bozorlarda taqdim etishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Loyiha amalga oshirilsa, yangi model rivojlanayotgan mamlakatlarda Chevroletning eng hamyonbop elektromobillaridan biriga aylanishi mumkin. Uning O‘zbekistonga Matiz nomi bilan olib kelinishi esa hozircha faqat taxmin bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors Onix, Tracker va Damas uchun to‘lov shartlarini o‘zgartirgani haqida yozgan edi.