
«Barselona» va Ispaniya terma jamoasi futbolchisi Lamin Yamalning boyligi 2026-yil o‘rtalariga kelib $8 mln — $15 mln atrofida baholanmoqda. Uning «Barselona»dagi yillik asosiy maoshi bonuslarsiz $18 mln — $21,5 mln bo‘lishi aytilmoqda.
Yamal eng qimmat yosh futbolchilardan biriga aylandi
Lamin Yamal hozirgi futbolning eng yorqin yosh yulduzlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. U hali 19 yoshda bo‘lishiga qaramay, «Barselona» bilan La Liga chempionligini qo‘lga kiritgan va Ispaniya terma jamoasi safida Yevro-2024 g‘olibi bo‘lgan.
U Kilian Mbappe va Maykl Olise kabi futbolchilar bilan bir qatorda yangi avlod futbolining asosiy yulduzlaridan biri sifatida tilga olinmoqda.
«Barselona»dagi maoshi yiliga $21,5 mlngacha yetishi mumkin
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yamalning «Barselona»dagi yillik asosiy maoshi bonuslarsiz $18 mln — $21,5 mln atrofida baholanmoqda.
Haftalik daromadi esa soliqlargacha $350 ming — $400 ming bo‘lishi mumkin. O‘yinlar soni, gollar va jamoaviy natijalarga bog‘liq bonuslar hisobga olinsa, uning yillik daromadi $33 mlngacha yetishi aytilmoqda.
Shartnomasi 2031-yilgacha mo‘ljallangan
Yamal «Barselona» bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan. Kelishuv 2031-yil iyunigacha amal qiladi.
Klub uning shartnomasiga $1,1 mlrdlik tovon puli bandini ham kiritgan. Bu boshqa klublarning futbolchini olib ketishiga to‘sqinlik qilish uchun belgilangan.
Reklama daromadlari yiliga $10 mln atrofida
Yamal maydondan tashqarida ham katta daromad topmoqda. Uning reklama va homiylik shartnomalaridan yillik daromadi taxminan $10 mln atrofida baholanadi.
U 2024-yilda Adidas bilan 10 yillik hamkorlik shartnomasi imzolagan. Kelishuvning umumiy qiymati $34 mlngacha yetishi mumkinligi aytilmoqda.
Yirik brendlar bilan ishlamoqda
Yamal Adidas’dan tashqari Beats by Dre, Oppo, Konami, Powerade va American Eagle kabi yirik brendlar bilan ham hamkorlik qiladi.
Bu shartnomalar uning nafaqat maydondagi, balki marketing bozoridagi qiymati ham tez oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yamalning avtomobillar kolleksiyasida qanday modellar borligi haqida xabar berilgandi. Yamal nomi eng ko‘p Audi RS7 Sportback bilan bog‘lanmoqda. Ayrim OAVda bu mashina futbolchiga tegishli bo‘lishi yoki uning shaxsiy aktivlari qatorida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi mumkinligi yozilgan.