SpaceX kompaniyasi Starship’ning 13-sinov parvozini qoldirdi

eʼlon qilindi
Parvozning qoldirilishi raketaning texnik holati bilan bog‘liq emas
SpaceX kompaniyasi Starship’ning 13-sinov parvozini qoldirdi
Foto: Pexels

SpaceX kompaniyasi Starship raketa tizimining 13-sinov parvozini noqulay ob-havo sharoiti sabab 24-iyulga ko‘chirdi. Kompaniya ta’kidlashicha, parvozning qoldirilishi raketaning texnik holati bilan bog‘liq emas.

Sinovning asosiy vazifalaridan biri Starship kemasi atmosferaning zich qatlamlari orqali yuqori tezlikda ko‘tarilayotgan paytda uning issiqlikdan himoya qoplamasi holatini yerdan kuzatishdan iborat. Buning uchun yuqori sifatli va aniq tasvirlar olish talab etiladi, biroq mavjud ob-havo sharoiti yetarli ko‘rinishni ta’minlamagan.

Yana qanday sabablar bor

Mazkur parvoz davomida Starship’ning yuqori dinamik bosim ostidagi issiqlik himoya tizimi o‘rganilishi rejalashtirilgan. Dinamik bosim raketa atmosferaning zich qatlamlarida tez harakatlanganda yuzaga keladigan aerodinamik yuklama hisoblanadi.

Dastlab uchirish oynasi 23-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:45 da ochilishi va 90 daqiqa davom etishi kerak edi. Parvoz bekor qilingunga qadar SpaceX Super Heavy Booster 20 tezlatgichini yoqilg‘i bilan to‘ldirib, dvigatellar ishlashini tekshirishga ulgurgan.

Kompaniya prognozlariga ko‘ra, 24-iyul kuni kuzatuv va tasvirga olish uchun ob-havo sharoiti ancha qulay bo‘lishi kutilmoqda. Shu sabab SpaceX navbatdagi uchirish urinishini bir sutkaga kechiktirishga qaror qilgan.

Avvalroq «Kursiv» SpaceX aksiyalari ilk bor IPO narxidan pastlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek