Banklarning sof foydasi qariyb 70 foizga oshdi, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari uchun viza joriy qilmoqchi — 25-iyul kuni e’lon qilingan yangiliklar

eʼlon qilindi
21-iyul kuni uchun ob-havo prognozi
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Oʻzbekistonda banklarning sof foydasi qariyb 70 foizga oshdi, Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari uchun viza rejimi taklif qilindi —  25-iyul kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Oliy Majlis Senati raisi «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda 24-iyul kuni prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga koʻra, Narbayeva davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi koʻp yillik samarali mehnati, parlament faoliyatini rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishdagi xizmatlari uchun taqdirlangan.

Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari uchun viza rejimi taklif qilindi

Rossiya Davlat dumasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan viza rejimini joriy etish va migratsiya siyosatini yanada qat’iylashtirish taklif qilindi. Tashabbus bilan «Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun» fraksiyasi rahbari Sergey Mironov chiqdi.

Deputatning fikricha, Crocus City Hallʼdagi teraktdan keyin migratsiya qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlarga qaramay, amaldagi choralar yetarli emas.

Oʻzbekistonda banklarning sof foydasi qariyb 70 foizga oshdi

Oʻzbekiston bank sektorining sof foydasi 2026-yilning birinchi yarim yilligida 10,99 trln soʻmga yetdi. Bu 2025-yilning mos davridagi 6,51 trln soʻmga nisbatan 68,9 foizga koʻp, deyiladi Markaziy bank hisobotida.

Ma’lum qilinishicha, 1-iyul holatiga banklarning soliq toʻlashdan oldingi foydasi ham 59,2 foizga oshib, 7,88 trln soʻmdan 12,54 trln soʻmga yetgan. Daromad soligʻi boʻyicha xarajatlar esa 12,9 foizga koʻpayib, 1,55 trln soʻmni tashkil etgan.

Kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan zargar Ronalduga 1,3 mln dollarlik soat sovgʻa qildi 

Asli kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan mashhur zargar va Jacob & Co brendi asoschisi Jeykob Arabo portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronalduga qiymati $1,3 mln boʻlgan soat sovgʻa qildi. Bu haqda Arabo Instagram sahifasida malum qildi.

«Yaqin atrofda edim, shuning uchun Ronalduga $1,3 mlnlik soatni shaxsan yetkazib berishga qaror qildim», – deb yozdi zargar.

FIDE prezidenti lavozimiga oʻz nomzodimni ilgari surdim — Timur Turlov

Qozogʻiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti lavozimiga oʻz nomzodini ilgari surganini ma’lum qildi. Bu haqda u oʻzining Telegram kanalida yozdi.

Turlovning aytishicha, 26 – 27-sentabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan FIDE saylovlarida u bilan birga 2022-yildan buyon FIDE vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan, jahonning koʻp karra chempioni Vishvanatan Anand ham nomzod sifatida ishtirok etadi.

Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan shartnomasini 2031-yilga qadar uzaytirdi

Oʻzbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan shartnomasini uzaytirdi. Yangi kelishuvga koʻra, futbolchi 2031-yilgacha Angliya klubida qoladi, deb xabar berdi «Shaharliklar» matbuot xizmati.

Dastlabki shartnoma 2029-yilgacha edi

Husanov «Manchester Siti» safiga 2025-yil yanvarida Fransiyaning «Lans» klubidan kelib qoʻshilgan. Oʻshanda tomonlar 2029-yil yozigacha moʻljallangan toʻrt yarim yillik shartnoma imzolagan edi. Yangi bitim futbolchining klubdagi muddatini yana ikki yilga uzaytirdi.

Buxoro shahriga qariyb 4 ming gektar hudud qo‘shiladi

Buxoro shahrining 2043-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlandi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.

Shahar aholisi 385 ming kishiga yetadi

Bosh rejaga ko‘ra, Buxoro aholisi hozirgi 289,2 mingdan 2043-yil oxiriga borib 385 ming kishiga yetishi kutilmoqda. Shahar hududi esa 7,97 ming gektardan 11,85 ming gektargacha kengaytiriladi.

Shuningdek