
Asli kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan mashhur zargar va Jacob & Co brendi asoschisi Jeykob Arabo portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronalduga qiymati $1,3 mln boʻlgan soat sovgʻa qildi. Bu haqda Arabo Instagram sahifasida ma’lum qildi.
«Yaqin atrofda edim, shuning uchun Ronalduga $1,3 mlnlik soatni shaxsan yetkazib berishga qaror qildim», – deb yozdi zargar.
Uchrashuv davomida Arabo «An-Nasr» klubi va Portugaliya terma jamoasi futbolchisiga qahrabo tusidagi Caviar Tourbillon soatini taqdim etdi. Mazkur model toʻq sariq sapfir toshlari bilan bezatilgan.
«Bu noyob rang toʻq sariqqa oʻxshash qahrabo. Juda chiroyli», – dedi Arabo soatni koʻrsatar ekan.
Ronaldu esa uning kolleksiyasida deyarli aynan shu rangdagi Bugatti avtomobili borligini aytdi.
«Men xuddi shu rangdagi Bugatti sotib olganman», – dedi futbolchi.
Arabo bunga hayron qolib, Ronalduda bunday rangdagi avtomobil borligini ilgari bilmaganini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kilian Mbappening «garaji»da qanday avtomobillar borligi haqida xabar bergan edi.