Banklar qaysi sohalarga ko‘proq kredit ajratmoqda

2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlariga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari bir yil ichida 12 foizga oshib, 642,8 trln so‘mni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, eng katta ulush jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Aholiga berilgan kreditlar
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bir yil ichida 20 foizga oshib, 235,9 trln so‘mga yetdi. Natijada aholiga berilgan kreditlar umumiy kredit portfelining 37 foizini tashkil etdi.
2025-yil 1-iyul holatiga bu ko‘rsatkich 196,9 trln so‘m yoki jami kreditlarning 34 foizi edi.
Sanoatga ajratilgan kreditlar kamaydi
Sanoat tarmog‘iga yo‘naltirilgan kreditlar 13 foizga kamayib, 137,6 trln so‘mni tashkil etdi. Shu sabab sanoatning umumiy kredit portfelidagi ulushi 27 foizdan 21 foizga tushdi.
Qurilish sohasiga ajratilgan kreditlar 37 foizga oshib, 20,9 trln so‘mga yetdi. Bu tarmoqlar orasidagi eng yuqori o‘sishlardan biri bo‘ldi.
Savdo va umumiy xizmat sohasiga yo‘naltirilgan kreditlar esa 23 foizga ko‘payib, 49,3 trln so‘mni tashkil etdi. Uning portfeldagi ulushi 7 foizdan 8 foizga oshdi.
Qishloq xo‘jaligi ulushi barqaror qoldi
Qishloq xo‘jaligiga ajratilgan kreditlar 14 foizga oshib, 66,3 trln so‘mga yetdi. Biroq ushbu tarmoqning umumiy kredit portfelidagi ulushi o‘zgarishsiz – 10% darajasida saqlanib qoldi.
Kredit qo‘yilmalari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar
| Yo‘nalish | 2025-yil 1-iyul | 2026-yil 1-iyul | O‘zgarish |
|---|---|---|---|
| Jami kreditlar | 575,2 trln so‘m | 642,8 trln so‘m | 12% |
| Jismoniy shaxslar | 196,9 trln so‘m | 235,9 trln so‘m | 20% |
| Sanoat | 157,6 trln so‘m | 137,6 trln so‘m | -13% |
| Qishloq xo‘jaligi | 58 trln so‘m | 66,3 trln so‘m | 14% |
| Savdo va umumiy xizmat | 40 trln so‘m | 49,3 trln so‘m | 23% |
| Qurilish sohasi | 15,2 trln so‘m | 20,9 trln so‘m | 37% |
| Transport va kommunikatsiya | 33,5 trln so‘m | 33,9 trln so‘m | 1% |
| Boshqa sohalar | 67,9 trln so‘m | 92,4 trln so‘m | 36% |
Umumiy manzara kredit resurslari tobora ko‘proq jismoniy shaxslar, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naltirilayotganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda banklarning sof foydasi qariyb 70 foizga oshgani xabar qilingandi. Ma’lum qilinishicha, 1-iyul holatiga banklarning soliq toʻlashdan oldingi foydasi ham 59,2 foizga oshib, 7,88 trln soʻmdan 12,54 trln soʻmga yetgan. Daromad soligʻi boʻyicha xarajatlar esa 12,9 foizga koʻpayib, 1,55 trln soʻmni tashkil etgan.