Fayzullayevdan keyin navbat Erkinovga: bo‘ydoq futbolchilar safi bittaga kamaydi

27-iyul 2026 22:02 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Fayzullayevdan keyin navbat Erkinovga: bo‘ydoq futbolchilar safi bittaga kamaydi
Foto: Videodan olindi / Kollaj Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Paxtakor» klubi a’zosi Hojimat Erkinov 27-iyul kuni nikoh to‘yini o‘tkazdi. Bu haqdagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Videoda futbolchining kuyov navkar bilan birgalikdagi ko‘rinishlari va fotosessiya jarayonlari aks etgan.

Erkinovning nikoh oqshomida taniqli xonandalardan Munisa Rizayeva, Izzat Shukurov va Hojiakbar Ro‘zmetov hamda boshqalar ishtirok etgan.

Futbolchining turmush o‘rtog‘i haqidagi video va ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan.

Erkinovning birinchi turmushi haqida

25 yoshli futbolchi ikkinchi marta oila qurmoqda. U birinchi oilasi bilan rasman ajrashgan.

2024-yilning iyul oyida Erkinov aliment masalasi yuzasidan izoh bergan.

Futbolchining sobiq turmush o‘rtog‘i Madinabonu Rustamova Erkinov yuqori daromad topishiga qaramay, alimentni haqiqiy daromadidan kelib chiqib to‘lamayotganini iddao qilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 2023-yil dekabrida Hojimat Erkinovdan bir nafar farzandi ta’minoti uchun har oy ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Keyinchalik sud qarori bilan farzand uchun to‘lanadigan qat’iy aliment miqdori oyiga 2 mln 100 ming so‘m etib belgilangan.

Madinabonu Rustamovaning ta’kidlashicha, Erkinov shu paytda to‘p surgan «Al-Vahda» klubidagi daromadining to‘rtdan bir qismini aliment sifatida to‘lashi lozim edi. Biroq futbolchining klubdagi maoshi haqida rasmiy ma’lumot olishning imkoni bo‘lmagan.

Hojimat Erkinov esa aliment bo‘yicha qarzdor emasligini bildirib, barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirganini ma’lum qilgan.

«Aliment to‘lamagan odam O‘zbekistondan chiqarib yuborilmaydi. Men hamma alimentlarimni to‘lab, joy-joyiga qo‘yganman. Dekabr oyida $4,5 ming, keyin esa iyungacha har oy $300 dan to‘lab kelganman», — degan futbolchi.

Erkinov taqdim etgan to‘lov hujjatlariga ko‘ra, u 2024-yil 8-fevral kuni 2023-yil dekabr oyi uchun 63 mln 466 ming so‘m aliment to‘lagan. 2024-yil iyul oyigacha amalga oshirilgan jami aliment to‘lovlari 86 mln 736 ming so‘mni tashkil etgan.

Futbolchi «Al-Vahda» klubidagi maoshi miqdorini esa shartnoma shartlari sabab oshkor qila olmasligini bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abbosbek Fayzullayevning nikoh marosimi qanday o‘tgani haqida yozgandi.

Shuningdek