Avto

Ferrari, Bugatti va Rolls-Royce: Holandning «garaji»da qanday modellar bor

Holand qimmatbaho superkarlarni yoqtiradi
Ferrari, Bugatti va Rolls-Royce: Holandning «garaji»da qanday modellar bor
Foto: Autoevolution

«Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand nafaqat gollari, balki qimmatbaho avtomobillarga qiziqishi bilan ham e’tibor tortmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, norvegiyalik futbolchining garajida Ferrari, Bugatti, Lamborghini, Rolls-Royce, Porsche, Aston Martin va Mercedes kabi brendlarning noyob modellari bor.

Holand qimmatbaho superkarlarni yoqtiradi

Holand dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri sifatida katta daromad oladi. Manbalarda uning yillik daromadi taxminan $60 mln atrofida ekani aytiladi. Shu sabab uning garajida multimillion dollarlik avtomobillar bo‘lishi ajablanarli emas.

Futbolchi ko‘proq o‘zi haydashni yoqtiradigan yulduzlardan biri sifatida tilga olinadi. Uning kolleksiyasida sportkarlar, kuchli SUVlar, hashamatli sedanlar va hatto pikap ham bor.

Eng qimmat model – Bugatti Tourbillon

Foto: Bugatti

Holand kolleksiyasidagi eng qimmat avtomobillardan biri Bugatti Tourbillon hisoblanadi. Ushbu gibrid giperkarning narxi $4,6 mln atrofida baholanadi.

Model 1 600 ot kuchiga ega bo‘lib, jami 250 dona ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Holand ushbu avtomobil uchun buyurtma joyini band qilgan.

Ferrari va Lamborghini ham bor

Foto: Ferrari

Holandning garajida bir nechta Ferrari modeli borligi aytiladi. Ular orasida Ferrari Monza SP2 alohida ajralib turadi. Ushbu model $1,8 mln atrofida baholanadi va Ferrari’ning Icona Series yo‘nalishini boshlab bergan avtomobillardan biri hisoblanadi. Jami 499 dona ishlab chiqarilgan.

Foto: Lamborghini

Shuningdek, futbolchiga Ferrari 812 Competizione Aperta va Ferrari 12Cilindri ham bog‘lanadi. Lamborghini tomonda esa Huracán Sterrato tilga olinadi. Bu model oddiy superkar emas, balki yo‘lsiz sharoitga moslashtirilgan Lamborghini bo‘lib, to‘liq yuritma va all-terrain shinalar bilan jihozlangan.

Britaniya avtomobillari ko‘p

Foto: Aston Martin

Holand Angliyada tug‘ilgan va hozir «Manchester Siti»da o‘ynaydi. Uning garajida Britaniya brendlari ham katta o‘rin egallaydi.

Aston Martin DBX707 shular jumlasidan. Bu super-SUV $276,5 ming atrofida baholanadi va 697 ot kuchiga ega. Bundan tashqari, Holand Range Rover Sport va Rolls-Royce Cullinan’dan ham foydalanishi aytiladi.

Foto: Rolls-Royce

Rolls-Royce Cullinan hashamatli SUV bo‘lib, narxi $432 mingdan yuqori. Manbalarga ko‘ra, Holand ushbu avtomobilda oilasi bilan Manchester bo‘ylab ko‘proq harakatlanadi.

Mercedes, Porsche va Audi modellari ham mavjud

Foto: Mercedes-Benz

Holand Germaniyaning «Borussiya Dortmund» klubida tanilganidan keyin uning kolleksiyasida Mercedes modellari borligi ham tabiiy ko‘rinadi. U Mercedes-Maybach S 680 Virgil Abloh va Mercedes-AMG One kabi avtomobillarga ega ekani aytiladi.

Foto: Porsche

Porsche tarafdan Holand 911 GT3 RS modelini tanlagan. Bu model ko‘chada yurishga ruxsat berilgan poyga avtomobiliga yaqin sportkar sifatida mashhur.

Foto: Audi

Audi RS 6 Avant esa kolleksiyadagi eng amaliy, lekin juda kuchli avtomobillardan biri. U 4,0 litrli twin-turbo V8 dvigatelga ega va RS 6 oilasining eng kuchli versiyalaridan biri sifatida tilga olinadi.

Holandning avtokolleksiyasi

AvtomobilTaxminiy narxiAsosiy jihati
Bugatti Tourbillon$4,6 mln1 600 ot kuchiga ega gibrid giperkар
Ferrari Monza SP2$1,8 mln499 dona ishlab chiqarilgan noyob speedster
Rolls-Royce Cullinan$432,3 mingHashamatli SUV
Mercedes-Maybach S 680 Virgil Abloh$347,6 mingLimitlangan va juda zamonaviy sedan
Lamborghini Huracán Sterrato$278,9 mingOff-road uchun moslashtirilgan superkar
Aston Martin DBX707$276,5 ming697 ot kuchiga ega super-SUV
Porsche 911 GT3 RS$250 mingdanPoyga ruhidagi sportkar
Range Rover Sport SV$213,2 ming626 ot kuchiga ega kuchli SUV
Shelby F-150 Super Snake$138,4 mingdan785 ot kuchigacha ega pikap
Audi RS 6 Avant$130 mingKuchli va amaliy sport universal

Garaj uning xarakterini ko‘rsatadi

Foto: Shelby

Holandning avtokolleksiyasi faqat hashamat uchun emas, balki turli uslubdagi avtomobillarga qiziqishini ham ko‘rsatadi. Bugatti va Ferrari uning superkarlarga bo‘lgan ishtiyoqini bildirsa, Rolls-Royce Cullinan, Range Rover Sport va Aston Martin DBX707 kundalik qulaylik va oilaviy foydalanish uchun tanlangan ko‘rinadi.

Shelby F-150 Super Snake esa uning Amerika uslubidagi kuchli pikaplarga ham qiziqishini ko‘rsatadi. Umuman, Holandning garaji bugungi futbol yulduzlari orasidagi eng qimmat va rang-barang kolleksiyalardan biri sifatida tilga olinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peruda 500 dan ortiq chaqaloqlarga Holand ismi berilgandi. Bunga futbolchining turnirdagi yorqin o‘yinlari va Norvegiya terma jamoasining chorak finalga chiqishi sabab bo‘lgan.