Jazirama qaytmoqda: hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi

O‘zbekistonda 27-iyuldan 1-avgustgacha asosan quruq va issiq ob-havo saqlanib qoladi. Ayrim hududlarda havo harorati 42 darajagacha ko‘tarilishi, shamol kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet ma’lum qildi.
27-iyul kuni respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat 34–39 darajani, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida ayrim joylarda 40–42 darajani tashkil etadi. Shimol va cho‘l hududlarida shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi mumkin.
Toshkent shahrida 27-iyul kuni yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, havo 37–39 darajagacha isiydi. Tog‘li hududlarning ayrim joylarida esa qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
28-iyul kuni jazirama saqlanib qoladi
28-iyul kuni mamlakat bo‘ylab havo biroz bulutli bo‘ladi, ammo yog‘ingarchilik kutilmaydi. Toshkent shahrida kechasi harorat 23–25 daraja, kunduzi 37–39 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan soniyasiga 3–8 metr tezlikda esadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 37–42 darajagacha ko‘tariladi. Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham shunday issiq ob-havo kuzatiladi. Bu hududlarda shamol ayrim joylarda soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi va chang-to‘zonlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida kechasi 20–25 daraja, kunduzi 34–39 daraja issiq bo‘ladi. Qashqadaryo va Surxondaryoda kunduzgi harorat 37–42 darajaga yetadi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida havo kechasi 20–25 daraja, kunduzi 34–39 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Tog‘li hududlarda esa harorat kechasi 14–19 daraja, kunduzi 25–30 darajani tashkil etadi.
31-iyuldan issiq yanada kuchayadi
29-iyuldan 1-avgustgacha respublikaning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kunduzgi harorat 37–42 daraja, kechasi 22–27 daraja bo‘ladi.
Toshkent, Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida 29–30-iyul kunlari havo kunduzi 34–39 darajagacha isiydi. 31-iyul va 1-avgust kunlari esa harorat 36–41 darajaga ko‘tariladi. Kechasi dastlab 20–25 daraja, keyinchalik 22–27 daraja issiq bo‘lishi kutilmoqda.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ham 31-iyuldan issiq kuchayadi. Andijon, Namangan va Farg‘onada 29–30-iyul kunlari kunduzgi harorat 34–39 daraja bo‘lsa, 31-iyul va 1-avgustda 36–41 darajaga yetadi.
31-iyul va 1-avgust kunlari Qashqadaryo hamda Surxondaryoning ayrim hududlarida shamol soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ham 31-iyul kuni kuchli shamol ehtimoli bor.
Tog‘li hududlarda hafta davomida nisbatan salqin ob-havo saqlanadi. 29–30-iyul kunlari kunduzgi harorat 25–30 daraja, 31-iyul va 1-avgustda esa 27–32 daraja bo‘ladi. Ayrim joylarda shamol soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» 26-iyul kuni havo 42 darajagacha isishi haqida yozgan edi.