Karpov uch nomzod orasida Turlovni favorit deb atadi

Shaxmat bo‘yicha 12-jahon chempioni Anatoliy Karpov Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlovni Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE rahbarligi uchun bo‘ladigan saylovning asosiy favoriti deb hisoblamoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
FIDE prezidentligi uchun uch nafar nomzod ariza topshirgan. Ular germaniyalik Yan Henrik Byuttner va Vadim Rozenstayn hamda Timur Turlovdir. Turlov o‘z jamoasida FIDE prezidenti o‘rinbosari lavozimiga 15-jahon chempioni Vishvanatan Anand nomzodini ko‘rsatgan. Saylov 2026-yil 26-sentabr kuni Samarqandda o‘tkaziladigan FIDE Bosh assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tadi.
Karpovning fikricha, agar germaniyalik ikki nomzod saylovdagi imkoniyatlari haqida FIDE rahbariyati bilan avvaldan maslahatlashmagan bo‘lsa, Turlov yaqqol favorit sanaladi.
«Bunday holatda Timur Turlov saylovning aniq favoriti bo‘ladi. Chunki u shaxmat sohasida o‘zini allaqachon ko‘rsata olgan. Biroq men u bilan shaxsan tanish emasman», – dedi Karpov.
Avvalroq FIDEning amaldagi prezidenti Arkadiy Dvorkovich o‘z vakolatlarini vaqtincha bajarishni to‘xtatgan edi. FIDE kengashi uning qarorini tasdiqlagan.
Saylovda FIDE Bosh assambleyasida qatnashadigan har bir milliy federatsiya bittadan ovozga ega bo‘ladi. G‘olib tashkilotga navbatdagi muddat davomida rahbarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.