«Odisseya» ikki haftada 639 mln dollar «soqqa qildi»

27-iyul 2026 16:30 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
«Odisseya» ikki haftada 639 mln dollar «soqqa qildi»
Foto: depositphotos.com

Kristofer Nolan suratga olgan «Odisseya» filmi kinoteatrlardagi ilk ikki hafta ichida dunyo bo‘ylab $639 mln yig‘di. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.

Tahlilchilar kartina yakuniy hisobda $1 mlrddan ortiq daromad keltirishini prognoz qilmoqda.

Film kutilganidan ham muvaffaqiyatli chiqdi

«Odisseya» prokatning ikkinchi haftasida ham yuqori natijalarni saqlab qoldi. Ikkinchi dam olish kunlarida chipta savdosi atigi 30 foizga kamaygan. Odatda yirik blokbasterlarda bu ko‘rsatkich 50 foiz atrofida bo‘ladi.

1 mlrd dollarlik marraga yaqin

«R» reytingiga ega filmlar orasida «Odisseya» daromad sur’ati bo‘yicha faqat «Dedpul va Rosomaxa» filmidan ortda qolmoqda.

Mutaxassislar 30-iyuldan prokatga chiqadigan «O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi raqobatiga qaramay, «Odisseya» kassadagi muvaffaqiyatini saqlab qolishini kutmoqda.

Nolanning eng daromadli filmi bo‘lishi mumkin

Filmni suratga olish va marketing xarajatlari taxminan $375 mlnni tashkil etgan. Hozirning o‘zida kartina o‘z xarajatlarini qoplash arafasida turibdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, yakuniy kassa yig‘imlari $1 mlrddan oshishi va «Odisseya» Kristofer Nolan faoliyatidagi eng daromadli filmga aylanishi mumkin.

Boshqa filmlar qanday natija ko‘rsatmoqda

Toy Story 5 multfilmi jahon prokatida $1 mlrddan ortiq daromad yig‘ib, hozircha yilning eng ko‘p daromad qilgan filmi bo‘lib turibdi.

Shu bilan birga, Moana filmining kinoremeyki uch hafta ichida $228 mln yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa marketing xarajatlarisiz $250 mlnlik budjetni hisobga olganda, mutaxassislar tomonidan kutilgan natijadan past baholanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Odisseya» filmi treyleri 3 kunda 31 mln marta tomosha qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek