Shohjahon Ergashev Shahram G‘iyosovni jangga chorladi

27-iyul 2026 10:26 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Shohjahon Ergashev Shahram G‘iyosovni jangga chorladi
Foto: Instagram/ Ergashev

O‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev hamyurti Shahram G‘iyosovni jangga chaqirib, bu uning so‘nggi taklifi ekanini ma’lum qildi. Ergashev bellashuvni 66,7 kg vazn toifasida o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

«Menga yarim soat vaqt beringlar: Qo‘qondagi choyxonaga kirib, ovqatlanib chiqaman va istalgan uslubda jang qilaveraman. Qo‘lqopni shu yerga beringlar, men tayyorman. Shahram, kel, shu jangni o‘tkazamiz. Bu senga so‘nggi chaqiruvim. Xohlasang, 66,7 kg vaznda jang qilamiz. Men ilgari 60,5 kg vaznda ringga chiqqanman, hozir esa vaznimni 66,5–66,7 kg gacha ko‘tardim», — degan bokschi.

Ma’lumot uchun, 2026-yil 25-iyul kuni Toshkentdagi «Humo Arena» majmuasida All Stars professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Turnirning markaziy jangida Ergashev rossiyalik Mark Urvanovga qarshi ringga ko‘tarildi.

IBF yo‘nalishida super yengil vazn toifasidagi jahon chempionligi kamariga sobiq da’vogar hisoblangan Ergashev bu safar yarim o‘rta vazn toifasida jang qildi. O‘zbekistonlik bokschi bahs oldidan raqibini dastlabki raunddayoq mag‘lub etishini bir necha bor ta’kidlagan edi.

Ergashev o‘z va’dasining ustidan chiqib, jangni birinchi raundning o‘zida yakunladi. U raqibiga ketma-ket kuchli zarbalar yo‘llagach, hakam bahsni to‘xtatdi va texnik nokaut qayd etildi.

Sportchi haqida

Shohjahon Ergashev O‘zbekiston professional boksining eng kuchli zarba egalaridan biri sifatida tanilgan. U 1991-yil 12-dekabrda tug‘ilgan. Ergashev faoliyatining asosiy qismini birinchi yarim o‘rta vazn toifasida o‘tkazgan. U xalqaro ringlarda «Amir Temur avlodi» laqabi bilan ham tanilgan.

Foto: Instagram/ Ergashev

Ergashev professional boksga o‘tishdan oldin O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida shug‘ullangan va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda bir necha bor g‘olib chiqqan. Biroq uning faoliyatidagi asosiy yuksalish professional ringda boshlandi. Bokschi ilk jangini 2015-yil 23-dekabr kuni Moskvada Arzu Aliyevga qarshi o‘tkazib, g‘alaba qozondi. Keyingi bahslarini ham asosan Rossiyada o‘tkazgan Ergashev dastlabki 11 raqibini muddatidan oldin mag‘lub etdi.

Avvalroq «Kursiv» Nursulton Ro‘ziboyevning jang sanasi va raqibi aniq bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek